Shavkat Mirziyoyev jurnalist Bobomurod Abdullayevga uy sovg‘a qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jurnalist Bobomurod Abdullayevga poytaxt markazidan uch xonalik yangi kvartira sovg‘a qildi. Bu haqda jurnalistning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi. 

Bobomurod Abdullayevga ko‘ra, Prezident Mirziyoyev joriy yilning 8 sentyabr kuni "Green Park" turar joy majmuasidan uch xonali kvartira sovg‘a qilgan. Mazkur uy barcha jihozlari bilan ta’mirlangan holatda jurnalistga topshirilgan. U ushbu uyga joriy yilning 5 oktyabr kuni ko‘chib o‘tgan. 

U uyini videoga olib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko‘rsatar ekan, uyda barcha maishiy texnika jihozlari, yotoq, mehmonxona mebellari, gilam va pardalar ham borligini urg‘ulaydi. 

Jurnalist yangi uyga onasi mehmon bo‘lib kelganini, Qirg‘izistonda hibsga olinganida onasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgani, o‘g‘li uchun uy so‘ramagani, ammo uning tor uyda qiynalib yashayotganini Prezidentga yetkazganini eslaydi. 

“Prezidentimiz mening bolamga shunday uylarni hadya qildi. 8 sentyabr kuni bolam menga telefon orqali Prezidentimiz uy berganini aytganda, xursandligimdan tilim aylanmay qoldi. Prezidentimga, yurtboshimga mingdan ming rahmat deyman”, deydi jurnalistning onasi. 

Videoda Boboburod Abdullayevning singlisi va qizi ham ko‘rinish berib, uy uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirganlar. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joriy yilning 12 avgust kuni O‘zbekiston so‘roviga asosan, 22.01.1993 yildagi “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Minsk Konvensiyasiga muvofiq, Bobomurod Abdullayev Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinganini xabar qilgan edi. Shundan keyin u Toshkentga yuborildi. 

Bu orada Bobomurod Abdullayevning onasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, o‘g‘lining aybsizligini aytadi va uni qo‘yib yuborishlarini so‘raydi. 22 avgust kuni Toshkentga olib kelingan Abdullayev xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi to‘g‘risidagi tilxat asosida ozod qilindi

Ma’lumot uchun, jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017 yil sentyabrda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-bandi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tizimiga qarshi tajovvuzda ayblanib hibsga olingandi.

Uzoq davom etgan tergov va sud ishidan so‘ng, ayblanuvchi Bobomurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4 bandi bilan aybdor, deb topilgan va unga 3 yil axloq tuzatish ishlarida bo‘lish tayinlangan.

Shuningdek, Abdullayevning ish haqidan 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinishi belgilab qo‘yilgan. 

Abdullayev 221 kun hibsda saqalanganini hisobgan olgan holda, ushbu muddat jazo muddatidan chiqarib tashlandi.

Shundan keyin Bobomurod Abdullayevni nazorat qilish uning o‘zi yashab turgan Toshkent shahridagi Yakkasaroy IIBga topshirilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

819

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing