Shavkat Mirziyoyev Zelenskiyga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
17:25 2636 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Sizni va mamlakatingiz xalqini Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman hamda o‘zimning eng ezgu tilaklarimni bildiraman. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmat prinsiplariga asoslangan munosabatlar bundan buyon ham izchil rivojlanib borishiga ishonaman.
Ushbu fursatdan foydalanib, sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, farovonlik hamda mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik va taraqqiyot tilayman”, deyiladi Shavkat Mirziyoyevning tabrik maktubida.

O‘z navbatida Zelenskiy Shavkat Mirziyoyevga Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabriklari uchun minnatdorlik bildirgan.
“Ukraina O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik munosabatlarini yuqori baholaydi hamda ikki tomonlama hamkorlik, savdo va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga sodiq qoladi. Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinch va farovon kelajak tilayman”, deb yozgan Ukraina Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Ukrainaning Mustaqillik kuni – mamlakatning asosiy milliy bayrami bo‘lib, har yili 24 avgust kuni keng nishonlanadi. Ushbu bayram 1991 yilning 24 avgustida Ukraina Oliy Radasi tomonidan “Ukraina mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya” qabul qilingani va mamlakat SSSR tarkibidan chiqib, mustaqil va suveren davlat deb e’lon qilingani sharafiga ta’sis etilgan. Oradan bir necha oy o‘tib, 1991 yil 1 dekabr kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumida mamlakat aholisining 90 foizdan ortig‘i ushbu mustaqillik hujjatini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.
Rasmiy ravishda 1992 yildan beri davlat bayrami va dam olish kuni sifatida nishonlab kelinayotgan ushbu sanada an’anaga ko‘ra mamlakat bo‘ylab, xususan poytaxt Kiyevdagi Mustaqillik maydonida turli bayram tadbirlari, konsertlar, harbiy paradlar hamda madaniy ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabriklagandi.
Live
Barchasi