Shavkat Mirziyoyev zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha farmonni imzoladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonni imzoladi. Qo‘yida farmonning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni

Mamlakatda mahalliy zargarlik tarmog‘ini tiklash va rivojlantirish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallardan foydalanish imkoniyatining berilishi ishlab chiqarilayotgan mahalliy zargarlik mahsulotlari hajmini kengaytirish imkonini yaratdi.

Shu bilan birga, sohada tizimli kamchiliklarning mavjudligi investitsiyalarni faol jalb qilish, sifatli zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini tashkil etish, ushbu mahsulotlar eksportini kengaytirishga to‘sqinlik qilib, tarmoq rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sifatli va raqobatbardosh zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoqqa chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, respublika zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi tartibni joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqaruvchining ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsiy tamg‘asini buyumga bosish sharti bilan davlat asillik darajasi belgisini majburiy ravishda qo‘ymasdan o‘zi ishlab chiqargan, zargarlik hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning (keyingi o‘rinlarda – zargarlik buyumlari)asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izlarini qo‘yish huquqi berilsin.

Bunda tamg‘alash va asillik darajasi belgisini qo‘yish tartibini buzgan hamda ko‘rsatilgan namunaga muvofiq kelmaydigan zargarlik buyumlarini sotuvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar zargarlik tarmog‘idagi nohalol tadbirkorlik sub’ektlari reyestriga kiritiladi, ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan, shu jumladan, litsenziya yoki ruxsat beruvchi boshqa hujjatning amal qilishini to‘xtatish bo‘yicha ta’sir choralari qo‘llaniladi;

zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotni mustaqil ravishda chakana tartibda sotish, shuningdek, aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni ishlab chiqarish maqsadlarida sotib olish huquqiga ega;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan yoki davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarishda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni sarflash, hisobini yuritish va saqlash tartibini mustaqil ravishda belgilaydilar;

jismoniy shaxslarga qiymati 5 000 (besh ming) AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi;

zargarlik buyumlarining chakana savdosi ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘im ob’ekti hisoblanmaydi;

tadbirkorlik sub’ektlari oltin izlovchilik faoliyati doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni ta’minlash uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni qazib olishi mumkin;

zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasida ixtiyoriy asosda yagona tashkilotga birlashish orqali ishtirok etgan taqdirda, ularga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, shuningdek, uyushma a’zolarining imtiyoz va preferensiyalari tatbiq etiladi.

2. Tijorat banklari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga quyidagi huquqlar berilsin:

“Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJdan qimmatbaho metallarni (oltin va kumush) o‘lchov plastinalari ko‘rinishida, shuningdek, 5 gramm va undan ortiq bo‘lgan og‘irlikdagi granulalarni (qimmatbaho metallar sof og‘irligiga qayta hisoblaganda) London qimmatbaho metallar birjasining tonggi fiksingi asosida milliy valyutada sotib olish;

sotib olingan qimmatbaho metallarni boshqa zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga sotish.

“O‘zstandart” agentligi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandni amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashni inobatga olgan holda Qimmatbaho metallar (oltin va kumush) o‘lchov plastinalari hamda granulalarining davlat standartini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

3. 2019 yil 1 iyundan boshlab qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan milliy valyutadagi tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq kreditlar bo‘yicha 5 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismida qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali mahalliy zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etilsin.

Moliya vazirligi zaruratga qarab, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga mazkur bandda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan 2019-2020 yillarda 40 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratsin.

4. O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallarni sotib olishi uchun qisqa muddatli revolver (qayta tiklanuvchi) kreditlarni ajratish amaliyotini kengaytirsin.

5. 2022 yilning 1 iyuliga qadar:

qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish oboroti qo‘shilgan qiymat va aksiz solig‘idan;

belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi loyihasiga mazkur bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini kiritsin.

6. 2019 yil 1 iyuldan boshlab navbatdagi yilga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari shakllantirilayotganda miqdorini har yili indeksatsiya qilgan holda, oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana savdoda sotganlik uchun 1 grammiga 1 000 (bir ming) so‘m miqdorida yig‘im joriy etilsin.

7. 2019-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi bilan birgalikda 2020 yilning oxiriga qadar tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida har bir hududda kamida ikkita, Toshkent shahrida esa – kamida o‘nta tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni o‘z ichiga oluvchi zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda aniq tashabbuskorlar, joylashtirish manzili, moliyalashtirish manbalari, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish (sotish) hajmlarini ko‘rsatgan holda zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish jadvalini tasdiqlash, shuningdek, mazkur markazlarni tashkil etish bo‘yicha boshqa zarur tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda 2-ilovaga muvofiq zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlari faoliyatini tashkil etish uchun ob’ektlarni “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga topshirsin.
9. “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

10. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lari, 2020-2021 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti shakllantirilayotganda oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘imning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori tushishi hisobiga zarur mablag‘larni nazarda tutish;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

11. Belgilansinki, Jamg‘armaning mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:

zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama, shu jumladan, istiqbolli investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlash;

iste’mol bozorida sifati past, kontrafakt zargarlik buyumlarining sotilishi, shuningdek, ularning noqonuniy muomalasiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

zargarlik tarmog‘i mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazlarini tashkil etish;

mahalliy zargarlik brendlarini ilgari surishga, shu jumladan, mamlakatimizda va xorijda zargarlik ko‘rgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning shunday tadbirlarda keng ishtirokini ta’minlash orqali ko‘maklashish;

o‘zini o‘zi moliyalashtirish shartlarida, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarini tahlil qilish va asillik darajasini nazorat qilish shoxobchalarini (mini-laboratoriyalarini) tashkil etish;

zargarlik tarmog‘idagi xorijiy maslahatchilar va ekspertlarni jalb qilish, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining a’zolari va xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, uning xodimlarini ish haqi bilan ta’minlash.

12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (keyingi o‘rinlarda – Asillik darajasini belgilash palatasi) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Asillik darajasini belgilash palatasining faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilsin.

13. Tadbirkorlik sub’ektlariga vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida affinaj faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan, quyidagi huquqlar berilsin:

qimmatbaho metallarni sotib olish va sotish uchun birja savdolarida ishtirok etish;

aholidan qimmatbaho metallarni, shu jumladan, oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni, zargarlik buyumlarini, ularni ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan parchalar va chiqindilarni sotib olish;

qimmatbaho metallarni sotib olish va sotish shoxobchalarini, shu jumladan, mamlakatimiz hududlarida ochish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda affinaj faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlasin.

14. Belgilansinki, davlat daromadiga qaratilgan qimmatbaho metallarning parchalari hamda qimmatbaho metallar, yarim qimmatbaho va qimmatbaho toshlar hamda marvariddan yasalgan buyumlar ko‘rinishidagi boyliklar, egasiz boyliklar, xazinalar, shuningdek, mulkdorlar tomonidan davlat daromadiga bepul topshirilgan boyliklar (arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari hamda madaniy qimmatga ega bo‘lgan buyumlar bundan mustasno) zargarlik tarmog‘ining manfaatdor qatnashchilariga oldindan to‘liq haq to‘lash sharti bilan quyidagi tartibda sotiladi:

qimmatbaho metallar – to‘lov hisobi yozilgan sanadagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha;

yarim qimmatbaho va qimmatbaho toshlar hamda marvarid – tegishli xarajatlar xaridorlar tomonidan qoplangan holda, baholash tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilgan baholash asosida.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining buyurtmanomalari asosida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlabToshkent davlat texnika universitetida “Zargarlik buyumlari dizayni” yo‘nalishi bo‘yicha alohida guruhlarni tashkil etgan holda zargarlik tarmog‘i uchun kadrlar, shuningdek, kasb-hunar kollejlarida zargarlik tarmog‘i mutaxassislari tayyorlanishini ta’minlasin.

16. 2020 yildan boshlab xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “UzbekJewelleryFair”zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish amaliyoti joriy etilsin.

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda tashkil etiladigan ko‘rgazmalarda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan zargarlik buyumlari sotilishining soddalashtirilgan tartibini nazarda tutgan holda bir oy muddatda ko‘rgazma-savdoni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Davlat soliq qo‘mitasi Oliy sud, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni qo‘llagan holda asillik darajasini belgilash va tamg‘alashning belgilangan tartibini buzgan holda, shuningdek, kirim qilinmagan zargarlik buyumlarini sotganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda – zargarlik buyumini musodara qilmagan holda uning qiymatining 50 foizi miqdorida jarima solish ko‘rinishidagi moliyaviy jazo;

ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilganda – zargarlik buyumini musodara qilish yoki uning qiymatining 100 foizi miqdorida jarima solish ko‘rinishidagi moliyaviy jazo.

18. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qayta ishlanishini ta’minlasin va unda quyidagilarni nazarda tutsin:

qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish;

zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamg‘alash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llagan holda takomillashtirish;

qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari va boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq chegaralash;

tarmoqqa investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish va raqobat muhitini yaxshilash.

19. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat bojxona qo‘mitasi, Asillik darajasini belgilash palatasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda zargarlik buyumlari noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish, shu jumladan, tegishli tarzda tamg‘alanmagan va asillik darajasi bo‘lmagan qalbaki buyumlarning chakana savdoda sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlarning kompleks rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

20. “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda zargarlik tarmog‘ida yaratilgan qulay imkoniyatlar, qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyati va mazmuni to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini olib borsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi:

ikki oy muddatda oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun respublikada mavjud bo‘lgan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarning konlarini xatlovdan o‘tkazsin;

mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va takror ishlab chiqarish yillik dasturi doirasida zargarlik va badiiy tovarlarning sanoat ehtiyojlari uchun yaroqliligini hisobga olgan holda qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni razvedka qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirsin.

22. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro tajribani o‘rganish asosida ikki oy muddatda respublikada metallar bilan bog‘liq bitimlarni tuzishga ixtisoslashgan tovar birjasini tashkil etishga doir taklifni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining zargarlik tarmog‘ini tartibga solish bo‘yicha ayrim funksiyalari va vakolatlari Asillik darajasini belgilash palatasiga berilganligini inobatga olib, mazkur agentlikning faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar kiritsin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

26. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Markaziy Bank, Moliya vazirligi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 18 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni

Baholaganlar

8

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing