Shavkat Mirziyoyev yoshlarga bayram tabrigi yo‘lladi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, bugun, 30 iyun kuni O‘zbekistonda "Yoshlar kuni" keng nishonlanmoqda. 

O‘zbekiston Respubilkasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi yo‘lladi. 

"Qadrli farzandlarim!

Siz, aziz o‘g‘il-qizlarimni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni yurtimizda keng nishonlanayotgan Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz yoshlik inson umrining naqadar go‘zal va beg‘ubor fasli, ulkan orzu-umidlar, beqiyos imkoniyatlar davri ekanini yanada chuqur his qilib, siz, navqiron farzandlarimizga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

O‘tgan qisqa davrda jamiyatimiz hayotidan mustahkam o‘rin egallagan bu bayram davlatimiz, xalqimiz o‘z farzandlarining baxti va kamoli uchun hech narsani ayamasligini, mamlakatimiz yoshlari ham Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni o‘z hayotining mazmuni deb bilishini yaqqol ifoda etmoqda.

Haqiqatan ham, yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Buni keyingi ikki yilda shu sohaga oid 3 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining o‘nlab farmonlari, qaror va farmoyishlari qabul qilingani hamda shu asosda ulkan ishlar amalga oshirilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va “Yoshlar klubi” ish boshladi.

Yigit-qizlarimizning biznes loyihalari uchun “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan bugungi kunga qadar 692 milliard 400 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 25 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani, respublikamiz bo‘yicha 125 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi foydalanishga topshirilgani ayniqsa e’tiborlidir.

Yurtimizda tashkil etilayotgan yangi-yangi bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari, madaniyat va sport inshootlari, “Temurbeklar maktabi”, “Prezident maktablari”, “Ijod maktablari” deb nom olgan mutlaqo yangi namunadagi ta’lim maskanlari bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir bo‘lgan  yetuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Keyingi paytda umumxalq harakatiga aylanib borayotgan besh ijobiy tashabbusning mazmuni va ahamiyatini yoshlarimiz chuqur tushunib, uni amalga oshirishda faol ishtirok etayotganini biz albatta yuksak baholaymiz. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan katta qurilish va obodonchilik ishlari bilan birga, “Yoshlar kutubxonasi” turkumidagi 470 mingta badiiy adabiyotlar respublikamizdagi barcha maktablar hamda Yoshlar ittifoqining mahalliy kengashlariga bepul tarqatilgani muhim ahamiyatga ega.

Yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar ham bugun o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Buning tasdig‘ini yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, 520 ta oltin, 544 ta kumush, 588 ta bronza medaliga sazovor bo‘lganida ham ko‘rish mumkin.

Azmu shijoatli, navqiron yigit-qizlarimizning o‘z sohasida, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga davlatimiz tomonidan katta ahamiyat berilmoqda.

Masalan, o‘tgan yili ana shunday vatanparvar, fidoyi yuzlab yoshlarimiz “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat” medali, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlandi. Yana 28 nafar azamat yigitlarimiz yangi ta’sis etilgan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bugun ularning saflariga yana bir guruh faol yoshlarimiz qo‘shilayotgani barchamizni quvontiradi.

Aziz farzandlarim!

Yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, ayniqsa, ularning qariyb 50 foizini tashkil etadigan qiz bolalarni hayotga tayyorlash, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, oilaviy ajrimlar, o‘smirlar orasida jinoyatchilik holatlarining oldini olish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida yoshlar jinoyatchiligi 2018 yilga nisbatan 37 foizga kamaygani, adashib xato yo‘lga kirgan, o‘z qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan 599 nafar shaxs Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod qilinib, ularga yengil jazo turlari tayinlangani jamiyatimizda kechirimlilik, mehr-oqibat va o‘zaro ishonch muhitini kuchaytirish yo‘lidagi yangi qadamdir.

Biz yoshlarning mamlakatimiz hayotidagi demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishiga, ularning siyosiy va ijtimoiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Bu borada o‘z saflarida 7 million 680 ming a’zoni birlashtirgan Yoshlar ittifoqi tomonidan joylarda olib borilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, ularni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlash joiz. Ayniqsa, bu yil mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlarda chuqur bilim, qat’iy grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlarimiz faol qatnashib, vakillik organlarida munosib o‘rin egallasa, bu nafaqat yosh avlodning, balki butun xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Qadrli yosh do‘stlarim!

Bugungi notinch va tahlikali zamonda yoshlarning ongi va qalbini egallashga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotganini barchangiz yaxshi bilasiz. Ularga qarshi kurashishda xalqimizning boy tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimiz jasorati, jonajon O‘zbekistonimizning milliy manfaatlari biz uchun kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyani ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgani jaholatga qarshi – ma’rifat tamoyili asosida olib borayotgan keng ko‘lamli ishlarimizning uzviy bir qismi bo‘lib, u yer yuzidagi ikki milliarddan ziyod yoshlarning haq-huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga egadir.

Biz O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga mahkam bel bog‘lagan ekanmiz, bu ulug‘ ishni ertaga emas, bugun boshlashimiz, buning uchun avvalo navqiron yoshlarimizga zarur sharoitlarni aynan bugun yaratib berishimiz kerak.

Shu munosabat bilan sizlarni  ishontirib aytmoqchiman: biz yoshlarning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida boshlagan ishlarimizni nainki davom ettiramiz, balki ularni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘taramiz.

Aziz o‘g‘il-qizlarim!

Bugun biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va mas’uliyatli vazifalar butun xalqimiz kabi sizlardan ham har tomonlama katta tayyorgarlik va safarbarlikni talab etmoqda.

Ishonchim komil, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallab, o‘z amaliy ishlaringiz, g‘ayrat-shijoatingiz bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar bo‘lasiz.

Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, shaxsiy va ijtimoiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman."


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev,

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing