Shavkat Mirziyoyev yirik zavodni ishga tushirdi

Jamiyat

image

Bugun, 28 dekabr kuni “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Prezident yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ushbu loyihaning ro‘yobga chiqishiga hissa qo‘shgan quruvchi va kimyogarlarga hamda chet ellik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

“Bunday muhim, zamonaviy va innovatsion loyihalar Navoiy viloyati iqtisodiyoti va uning "lokomotivi" bo‘lgan sanoat sohasini yangilash, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, aholi va byudjet daromadlarini jadal oshirishga xizmat qiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, to‘qimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda talab yuqori. Ular shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinardi. Ayniqsa, kichik biznes sub’ektlari bu masalada juda qiynalardi.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi mamlakat korxonalarini zarur xomashyo bilan ta’minlaydi. Shuningdek, har yili 40 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Yangi majmuada 900 dan ziyod ish o‘rni yaratildi.

Shavkat Mirziyoyev “Navoiyazot” jamiyatidagi uchta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish oson bo‘lmaganini qayd etdi.

“Har qancha qiyin bo‘lsa ham, katta marralarni maqsad qilib qo‘yib, tashabbus ko‘rsatib, fidoyilik bilan mehnat qilsak, albatta ularga erishamiz”, deya ta’kidladi Prezident.

Loyiha Xitoyning “China CAMC Engineering Co., LTD” va “HQC Shanghai Company” kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatining salohiyati bundan-da yuqori ekani, ularni ishga solish uchun zarur sharoit va mutaxassislar borligini qayd etdi.

“Sahro bag‘rida Navoiy va Zarafshon kabi shaharlarni, sanoat mintaqasini barpo etgan viloyatning mehnatkash, mard va olijanob aholisi yangi O‘zbekiston rivojiga katta hissa qo‘shadi”, deya ishonch bildirdi davlat rahbari.

Prezident ramziy tugmani bosib, korxonani ishga tushirdi.

Marosimda mehnat faxriylari, yoshlar, xitoylik muhandislar so‘zga chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

119

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing