Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon telefon orqali epidemiologik vaziyatni muhokama qilishdi

Jamiyat

image

Bugun, 5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbarlari ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishgan.

Ta’kidlanishicha, suhbat davomida epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

"Ikki mamlakat hukumatlariga ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashishda o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Pandemiyaning, avvalo, O‘zbekiston-Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oldindan chora ko‘rish va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish zarurligi qayd etildi", deyiladi xabarda.

O‘zaro savdoda yuqori o‘sish sur’atlarini ushlab qolish, transport qatnovlarini ta’minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar tartibini birgalikda ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida muntazam videoanjumanlar o‘tkazib turish muhim ekani ta’kidlangan.

Ikki davlat rahbarlari suhbatida, shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan.

"Telefon muloqoti chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi", deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon

Baholaganlar

54

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing