Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev uchrashuvi o‘tkazildi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2019
6913Bugun, 14 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga uchib ketgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bakuga kelgach, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.
Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu borada birinchi galdagi vazifalarni belgilab oldilar.
Mamlakatlar yetakchi kompaniyalari va tadbirkorlari darajasida ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama hukumatlararo komissiya faoliyatini jonlantirish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekistonTurkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilgani bilan tabriklab, bu, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.
O‘zbekiston rahbari sammit yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi va Ozarbayjonning tashkilotda muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.
Uchrashuv yakunida Prezidentlar ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari o‘rtasidagi bordi-keldilarning oxirgisiga joriy yilda 8 yil to‘ldi. So‘nggi bor Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 2010 yilning 27-28 sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Ilhom Aliyev tashrifi doirasida Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ochildi. Markazni Prezident Aliyev va Shavkat Mirziyoyev ochib bergandi.
O‘zbekiston Respublikasi rahbarining Ozarbayjonga so‘nggi tashrifi esa 2011 yilning 11-12 sentyabr kunlariga to‘g‘ri kelgan. Tashrif doirasida Baku shahrida Alisher Navoiy haykali ochilgan edi.
LiveBarchasi