Shavkat Mirziyoyev va Hasan Ruhoniy telefon orqali o‘zaro muloqot qildi
Jamiyat
−
06 may 2020
6584Bugun, 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon oyi munosabati bilan samimiy qutlovlar almashib, bir-birlari va do‘st xalqlarimizga koronavirusning global miqyosda tarqalishi bilan bog‘liq bugungi murakkab davrda sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar. Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shu jumladan savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi.
Prezidentlar pandemiyaning savdo amaliyotlari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari, eksport-import yuklarining tranzit tashuvlari uchun salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga videoanjumanlar o‘tkazib borishni davom ettirishni topshirdilar.
Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlik qilishga, jumladan, ushbu xavfli kasallikni profilaktika qilish va davolash borasida, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi galdagi choralar bo‘yicha axborot va tajriba almashishga kelishib olindi.
Muloqot chog‘ida xalqaro hamkorlikka oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.