Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga qaytib keldi
Jamiyat
−
02 avgust 2019
4064O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifini yakunlab, O‘zbekistonga qaytib keldi. Minsk milliy aeroportidan uchgan samolyot Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusdagi so‘nggi tashrifi mamlakat Bosh vaziri Sergey Rumas hamrohligida "Belarus" yuqori texnologiyalar parkiga bo‘ldi.
Ushbu park 2005 yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qulay muhit yaratish, shu orqali mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. 2014 yilda unga qator imtiyozlar berilib, faoliyat yo‘nalishlari kengaytirilgan.
Bugungi kunda "Belarus" YUTP dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yo‘nalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.
Prezident Mirziyoyevga Yuqori texnologiyalar parkida bank-moliya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va boshqa sohalar uchun yaratilgan innovatsion yechim va ishlanmalar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston rahbari mazkur texnopark rezidentlari imkoniyatlarining O‘zbekistonda taqdimotini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish bo‘yicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.