Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qahramonining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
14:09 3214 2 daqiqa
Avvalroq, butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi sohasi taraqqiyotiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Hamidov vafot etgani xabar qilingandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abduraim Hamidov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Abduraim Hamidov shu yil 10 dekabr kuni 82 yoshida vafot etgan. U 1943 yil 20 oktyabrda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1960 yilda tumandagi “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida mexanizatorlikdan boshlagan. Keyinchalik shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida mehnat qildi. 2007 yilda “Shahand humo qushi” fermer xo‘jaligini tashkil etib, ko‘p yillar davomida fidoyilik bilan faoliyat yuritgan.
Hamidov qariyb 60 yillik ish faoliyati mobaynida o‘zini dehqonchilik ilmini chuqur biladigan haqiqiy mirishkor, zamonaviy agrotexnologiyalarni puxta egallagan, paxtachilikda o‘z maktabini yaratgan fidoyi fermer, mehnatsevar, samimiy va el-yurtiga sadoqatli inson sifatida namoyon etib, mamlakatimizda agrar sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan.
U Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati sifatida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida alohida faollik ko‘rsatgan.
Abduraim Hamidovning uzoq yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, Toshkent davlat texnika universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov 89 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi