Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylariga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2019
5272Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalo, siz, azizlarni, ta’lim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan barcha pedagog xodimlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz bizga ilm o‘rgatgan, hayot sabog‘ini bergan jonkuyar, fidoyi o‘qituvchi va domlalarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan ta’zim qilamiz.
Haqiqatan ham, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.
Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”, degan so‘zlari beixtiyor yodimizga tushadi.
Chindan ham, dunyo miqyosida raqobat yanada kuchayib boradigan, o‘ta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka tayyorlab, sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya sohasi, o‘qituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi.
Ana shu o‘tkir haqiqatni hisobga olib, biz ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tardik.
O‘tgan qisqa davrda maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, maktab ta’limida 11 yillik tizimga o‘tish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik.
Bugungi kunda sizlarning, butun el-yurtimizning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi bilan maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda.
Buyuk allomalarimiz, atoqli shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, “Temurbeklar maktablari”, Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi zamonaviy va innovatsion ta’lim maskanlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Bu borada umumta’lim maktablari tizimini rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning tasdig‘ini so‘nggi ikki yilda 238 ta yangi maktab barpo etilganida ham ko‘rish mumkin. Holbuki, 2010-2016 yillarda bu sohaga yetarli e’tibor berilmagani tufayli 99 ta maktab yopilgan edi.
Mazkur sohani rivojlantirish uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hajmi ham ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilda maktablarga 2017 yilga nisbatan 81 foizdan ziyod mablag‘ ajratildi.
Yurtimizda bog‘cha, maktab va oliy ta’lim tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, o‘qituvchi va domlalar mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Soha rivojiga bo‘lgan ana shunday e’tibor maktablarda o‘quv-tarbiya jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartirishga, o‘qituvchilar tarkibini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Biz ta’lim-tarbiya masalasiga kompleks yondashgan holda, bog‘cha ta’limi bilan birga oliy ta’lim tizimini ham uzviy rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqdamiz.
Shu maqsadda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim hamda oliy ta’limni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi va shu asosda tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, keyingi ikki yilda mamlakatimizda 35 ta, jumladan, 13 ta xorijiy oliy o‘quv yurti tashkil etildi. Yuzdan ortiq yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda 94 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Ana shunday chora-tadbirlar natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi uch yil burungi 9 foizdan 20 foizga oshdi. Biz yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 25 foizga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli O‘zbekiston yoshlari turli sohalarda o‘z bilim va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etmoqda.
Kuni kecha Rossiyaning Yekaterinburg shahrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan mohir sportchilar ishtirok etgan boks bo‘yicha jahon chempionatida milliy jamoamiz vakillari yuksak azmu shijoat va mahorat namunasini ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egallagani barchamizni quvontirib, g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bunday ulkan yutuqlarni biz avvalo sizlar kabi fidoyi ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati natijasi sifatida qabul qilamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugungi shiddatli zamon barcha sohalar qatorida ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham oldimizga g‘oyat muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.
Albatta, yoshlarimizning bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, o‘quv binolarini qurish, ularni zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va o‘qituvchilarni tayyorlash – bu eng og‘ir vazifa bo‘lib, juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi.
Shu ma’noda, bugungi kun o‘qituvchisi universal mutaxassis, ham o‘rgatuvchi, ham o‘rganuvchi bo‘lishi, ya’ni, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak.
Eng muhimi, o‘qituvchi chinakam vatanparvar inson bo‘lishi zarur. Qalbida o‘z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo‘lgan o‘qituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi.
Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz "O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak" degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz.
Maktablarda xorijiy tillarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rgatishni takomillashtirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishimiz lozim.
Professional ta’lim sohasida bugungi mehnat bozori va xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan butunlay yangi tizimga o‘tishni jadallashtirishimiz kerak.
Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, o‘qitish sifati va pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat dasturini amalga oshirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Barchamizga ayonki, bugungi kunda yon-atrofimizda yoshlarning qalbi va ongini zaharlab, ularni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga qaratilgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda.
Bunday mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida barchamiz birgalikda kurashmog‘imiz, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlashimiz zarur.
Ayniqsa, bu vazifa barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ijodkor ziyolilarimiz, diniy ulamolar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, butun jamiyatimiz uchun vijdon ishiga aylanishi kerak.
Aziz va muhtaram ustozlar!
Bugun ta’lim-tarbiya sohasida, hurmatli o‘qituvchi va murabbiylarimiz, farzandlarimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda. Bu davrni yanada chuqur ma’no-mazmun bilan to‘ldirib, milliy yuksalishga erishish faqat va faqat o‘zimizga, shu yo‘lda hamjihatlik bilan qattiq mehnat qilishimizga bog‘liq.
Biz xalqimizning eng katta boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizning taqdirini, O‘zbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani mas’uliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
LiveBarchasi