Shavkat Mirziyoyev Serbiyaning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Jamiyat
−
18:57 404 1 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni Belgrad shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston rahbariga ushbu ordenni Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich topshirgan.

Davlat rahbari yuksak mukofot uchun chuqur minnatdorlik bildirib, uni Serbiya xalqining O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmati, mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga qat’iy intilish ramzi deb bilishini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Serbiya Respublikasi ordeni xorijiy davlatlarning taniqli arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda respublika bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgrad shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolagani haqida xabar berilgan edi.