Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilib, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

“Mamlakatimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga, shuningdek, tinch atom sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Raqamli texnologiyalar, yoshlar va axborot siyosati, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarning tashabbuslarini rivojlantirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 2025 yilning may oyida Rossiyada bo‘lib, Hukumat raisi Mixail Mishustin, Federal Majlis Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko, jumladan Prezident Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bilan uchrashib qaytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sergey Kirienko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing