Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan AQSHga yetib bordi
Jamiyat
−
09:55 2050 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida amaliy tashrif bilan AQSHga yetib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
“Endryus” aviabazasida davlat rahbarini AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Missisipi shtati Milliy gvardiyasi birlashgan shtabi qo‘mondoni Jeyms Xenkins va boshqa rasmiy shaxslar, Vashingtonda ajratilgan qarorgohda esa AQSH Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli kutib olgan.
AQSHga tashrif doirasida Mirziyoyev “Tinchlik kengashi”ning birinchi sammiti va bir qator ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.
Qayd etish joiz, kengashning birinchi sammiti AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi hamda G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” ustavini imzolagan edi. Buning uchun u Tramp taklifiga binoan Davosga borgan.
AQSH va O‘zbekistondan tashqari, ustavni Armaniston, Argentina, Ozarbayjon, Bolgariya, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Kosovo, Pokiston, Paragvay, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston ham imzolagan.
Live
Barchasi