Shavkat Mirziyoyev Putinning qarorgohiga qilingan hujumni qat’iy qoraladi

Jamiyat

image

Bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Rossiya Prezidentining Nijniy Novgorod viloyatidagi qarorgohiga hujum qilishga urinishni qat’iy qoralagan. Bunday xatti-harakatlar barqarorlik va xavfsizlikka, shu jumladan uzoq muddatli tinchlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarga tahdid solishi ta’kidlangan.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan, bo‘lajak tadbirlar rejasi muhokama qilingan.

Suhbat yakunida yetakchilar kirib kelayotgan yangi – 2026 yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik, ikki mamlakatning birodar xalqlariga esa tinchlik-osoyishtalik va bardavom ravnaq tilagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga 91 ta uchuvchisiz uchish apparati (dron) orqali hujum qilishga uringanini ma’lum qilgandi. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, hujum 29 dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Barcha 91 ta dron yo‘q qilingan. Jabrlanganlar yoki moddiy zarar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Uning aytishicha, ushbu hujumni inobatga olgan holda Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi, biroq Moskva AQSH bilan muzokaralar jarayonidan chiqish niyatida emas.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing