Shavkat Mirziyoyev Pokistonda faxriy doktor va professor bo‘ldi
Jamiyat
−
05 fevral 968 2 daqiqa
Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvolarini berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh vazir Shahboz Sharif O‘zbekiston rahbariga bu haqdagi tegishli sertifikatni topshirgan.
Ushbu unvonlar O‘zbekiston yetakchisining ijtimoiy-iqtisodiy va ta’lim sohalaridagi islohotlar, mamlakatni izchil modernizatsiya qilish, fan va texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik hamda akademik aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun berilgan.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri, universitet rahbariyati va akademik hamjamiyatiga yuksak unvonlar uchun minnatdorlik bildirib, ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislarni birgalikda tayyorlash muhimligini ta’kidlagan.
1991 yilda tashkil etilgan Milliy fan va texnologiyalar universiteti ilmiy izlanishlar va innovatsion faoliyat, magistr va doktorlarni tayyorlash hamda sanoat va iqtisodiyot ehtiyojlariga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlarni olib borish kabi yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrif bilan Pokiston bo‘lib turibdi. O‘zbekiston yetakchisi tashrif doirasida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazgani va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dorni qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Pokiston Bosh vazirining qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif tor doirada muzokara hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi va Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent va yangidan barpo etiladigan bog‘ga Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish marosimida qatnashdi. Shu bilan birga, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.