Shavkat Mirziyoyev Pekinda BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
26 aprel 2019
3734O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni Pekin shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlat rahbari Bosh kotibni samimiy qutlab, Samarqand va Nyu-york shaharlarida o‘tgan mazmunli suhbatlarni iliqlik bilan eslashini, ushbu muloqotlar O‘zbekiston bilan BMT institutlari va tashkilotlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Markaziy Osiyo bo‘yicha va Toshkentdagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyalarni, Samarqand shahrida o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi va boshqa tadbirlarni shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.
Prezident Bosh kotibning BMTni isloh qilish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi tashabbuslari va sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu islohotlar O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qat’iy islohotlarni faol davom ettirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
BMT Bosh kotibi Shavkat Mirziyoyev bilan yana bir bor uchrashib turganidan mamnun ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ma’naviyat, ta’lim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intilmoqda. Eng muammoli masalalarning yechimi topildi, barcha qo‘shnilar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Keyingi ikki yilda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2 barobar ortdi.
BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega rezolyutsiyasi hamda Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi bo‘ldi. O‘zbekiston Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha muhim tashabbusni ham ilgari surgan.
BMT Bosh kotibining ko‘magi tufayli BMT sha’feligida Orolbo‘yi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Orolbo‘yida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Orolbo‘yida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat ob’ektlarini qurish, umuman, Orol foijasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Besh oy mobaynida Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ortiq maydonda himoya o‘rmonzorlari ekildi, 1,1 million gektar maydonda qum tutish tizimi yaratildi.
Uchrashuvda, joriy yil oktyabr oyida Nukusda bo‘lib o‘tadigan Orolbo‘yida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunida O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasiga ushbu hududni “Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” sifatida e’lon qilishga doir maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, 2020 yilda Toshkent shahrida Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishi qayd etildi.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo‘l bilan hal etish mintaqamizda barqarorlikni ta’minlashning muhim omili ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etmoqda, ushbu mamlakat uchun savdo, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni ilgari surmoqda.
Antoniu Guterrish O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur barcha ko‘makni ko‘rsatishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
LiveBarchasi