Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Bosh vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
16 iyun 1669 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Ozarbayjonning “PASHA Holding”, “Neqsol Holding”, “AzerGold” kompaniyalari hamda Ozarbayjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etgan.
Suhbat avvalida Ali Asadov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Ozarbayjon xalqini kuni kecha bo‘lib o‘tgan bayram – Milliy najot kuni munosabati bilan tabriklagan.
O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Barcha darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etilgan. Joriy yilning boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlashi muhimligi ta’kidlangan. Bunda hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev V Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQSHning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
Barchasi