Shavkat Mirziyoyev blekaut sabablarini aytdi
Jamiyat
−
30 yanvar 2022
20082O‘zbekistonda joriy yilning 25 yanvar kuni elektr ta’minotida yuzaga kelgan keng ko‘lamli uzilishga bir qancha sabablar bor. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar, sport, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida aytib o‘tdi.
Ma’lumki, shu yil 25 yanvar kuni Markaziy Osiyo elektr ta’minotida texnik uzilish sodir bo‘ldi. Bu barcha elektr stansiyalarga ta’sir qilib, favqulodda vaziyat yuzaga keldi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bunga bir qancha sabablar bor. Jumladan, yagona energetika tizimi 220-500 kilovoltli magistral elektr tarmoqlar orqali to‘liq halqalashtirilmagan. Shimoli-G‘arbiy va Janubi-G‘arbiy energouzelning asosiy qismida 500 kilovoltli tarmoqlar yo‘q. Ba’zi magistral tarmoqlar qo‘shni davlatlar hududi orqali o‘tgan.
Shu bois, mamlakatda 500-750 kilovoltli tarmoqlarni qurish orqali yagona halqa tizimini hosil qilish rejalashtirilmoqda. Xususan, 2026 yilga borib, jami generatsiya quvvatlarini 27 ming 400 megavattga, yillik ishlab chiqarish hajmini 110 milliard kilovatt soatga yetkazish mo‘ljallangan. Shunda mamlakatning barcha hududlari 500-750 kilovoltli tarmoqlar orqali mustahkam bog‘lanadi va bir butun tizim yaratiladi.
Prezident elektr energiyasi tizimini isloh qilish, qo‘shni davlatlar bilan sohadagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Elektr energiyasi quvvatlarini oshirish hamda uni yetkazib berishni avtomatlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma berildi.
LiveBarchasi