Shavkat Mirziyoyev “nomiga” sayyor qabul o‘tkazib yurgan hokimlarni tanqid qildi
Jamiyat
−
13 mart 21532 2 daqiqa
Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari, Angren, G‘ozg‘on shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yuribdi. Bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ushbu tuman va shahar hokimlarini tanqid qildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston aholisi 38 milliondan, mehnatga layoqatli aholi 20 milliondan oshgani, so‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi 2 karra ko‘paygani qayd etilgan.
Xalq og‘irini yengil qilish, ko‘targan masalalariga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahallaga tushib ishlaydigan tizim yaratilgan. Bu yil ham mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda.
“Endi vazirlar, hokimlar o‘ziga savol bersin: shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘targan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi? Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish.
To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi”, deydi Prezident.
Bundan keyin “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior har bir tuman, shahar, viloyat hokimi, vazir, uning hududiy tashkilot rahbarlarining bosh qoidasi bo‘lishi zarurligi qayd etilgan.
Mamlakatda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelayotgani qayd etilgan. Lekin bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.
Dehqonobod, Mirobod tumanlari, Navoiy, Ohangaron va Yangiyer shaharlarida har o‘n ming aholiga to‘g‘ri keladigan arizalar soni boshqa tumanlardan 2 barobar yuqori ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Yoki murojaatlar soni respublikada 16 foizga kamaygani bilan Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqal’a tumanlari, Namangan shahrida oldingi yildan 50 foizgacha oshgan.
Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari, Angren, G‘ozg‘on shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurgani tanqid qilingan.