Shavkat Mirziyoyev Narendra Modi bilan onlayn-muloqot qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 dekabr kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

Sammit kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiviy, moliyaviy-texnik, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, jahondagi vaziyat hamda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini qutlab, ushbu onlayn-tadbir O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganining dalili, pandemiya oqibatlarini samarali yengib o‘tish uchun maslahatlashib olish va birgalikda yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olish uchun imkoniyat ekanini ta’kidlaganlar.

Muloqotda oliy darajadagi muntazam muloqotlar va amaliy sa’y-harakatlar tufayli keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilgani, ushbu sheriklik aniq amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida faol almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yilda Muvofiqlashtirish qo‘mitasi va Hukumatlararo komissiyaning qo‘shma yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar hamda “Markaziy Osiyo - Hindiston” muloqotining ikkinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda. Global inqirozga qaramay, shu yil boshidan tovar ayirboshlash yetti foizga ko‘paygan.

Investitsiyalar, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda muhim loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda. Keyingi bir necha yilning o‘zida qo‘shma korxonalar soni ko‘paygan, Toshkent va Andijon shaharlarida Hindistonning yetakchi Amiti va Sharda universitetlari filiallari ochilgan.

Mamlakatlarning yondashuvlari yaqin, ular xalqaro va mintaqaviy birlashmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qilib, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 

Bosh vazir Narendra Modi Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani bilan samimiy tabriklab, ushbu yutuq mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarning xalqaro e’tirofi ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida davlat yetakchilari siyosiy sohada tizimli, ishonchga asoslangan muloqotni davom ettirish, jumladan, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish va ular o‘rtasidagi hamkorlikning o‘rta muddatli dasturini qabul qilish muhimligini qayd etgan. Parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish taklifi ilgari surilgan.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarda asosiy maqsad sifatida yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

O‘zaro savdoning ortishi uchun qulay sharoitlar yaratish, bu yo‘ldagi texnik to‘siqlar va cheklovlarni bartaraf etish borasida birgalikda ishlashga kelishib olingan.

Samarali transport yo‘laklari va logistika infratuzilmasini shakllantirish, aviaqatnovlarni tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini ilgari surish, jumladan, Hindistonning yetakchi tashkilotlari ilg‘or texnologiyalari, texnik ko‘magi va imtiyozli moliyaviy resurslarini jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, muqobil energetika, farmatsevtika va tibbiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kosmik tadqiqotlar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi, shuningdek, Andijon viloyati va Gujarat shtatining muvaffaqiyatli sherikligi misolida hududlararo aloqalarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Gumanitar sohada tomonlar ta’lim va kadrlar tayyorlash, kinematografiya, yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni rivojlantirish, milliy madaniyat va tilni o‘rganish, tarixiy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish borasidagi qo‘shma dasturlarni qo‘llab-quvvatlaydilar.

O‘zbekiston hududlarida “Ayurveda” hind tabobati an’anaviy tizimi va teletibbiyotni joriy etgan holda zamonaviy tibbiyot markazlarini tashkil etish taklif etildi. Hindiston tomoni O‘zbekiston yoga federatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ldi.

Sammit davomida xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. Yaqindan muvofiqlashuv va axborot almashinuvini davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo‘l bilan tartibga solish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Narendra Modiga kelgusi yilda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni yana bir bor taklif etdi.

Ikki mamlakat yetakchilari har doimgidek ochiq, konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan hamda hamkorlikda ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatgan onlayn-muzokaralar natijalaridan g‘oyatda mamnun ekanliklarini bildirdilar.

Sammit yakuni bilan tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va mustahkam sheriklik to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Bundan tashqari, uchrashuv doirasida iqtisodiyot, innovatsiyalar, moliyaviy-texnik ko‘mak, bojxona ishi va savdoni texnik tartibga solish, kadrlar tayyorlash va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga doir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Narendra Modi

Baholaganlar

11

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing