Shavkat Mirziyoyev Muhammadqaliy Abilg‘aziyevni qabul qildi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
3057Bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHTga a’zo davlatlar Bosh vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyevni qabul qildi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish va uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muhammadqaliy Abilg‘aziyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat, transport, agrosanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi sheriklikni, shuningdek, chegaraoldi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.