Shavkat Mirziyoyev MDHning norasmiy sammitida qatnashdi
Jamiyat
−
19:09 1013 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi “Ermitaj” davlat muzeyida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasidan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdilar.
Uchrashuvda joriy yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, energetika va raqamlashtirishda sheriklikni mustahkamlash, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, xususan, yoshlarning ijodiy, innovatsion va intellektual salohiyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 22 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan MDH norasmiy sammitida qatnashmagani xabar qilingandi.
Live
Barchasi