Shavkat Mirziyoyev Marko Rubioni qabul qildi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 oktyabr kuni “S5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Marko Rubio davlat rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Asosiy e’tibor O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalariga qaratilgan.

AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari muloqotni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqlagan “S5+1” formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvining yakunlari yuqori baholangan.

Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar, ta’lim va madaniyat kabi ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Ikki mamlakat parlamentlari va idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgan, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyatning aloqalari kengaymoqda.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, avvalo, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda mustahkamlanmoqda.

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lgan. Uning birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish sohasidagi “Artemida” bitimlari imzolangan.

Iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshgan. Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining o‘rni katta ekani ta’kidlangan. Kengashning bugungi yig‘ilishi doirasida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishilgan.

Gumanitar sohadagi hamkorlik ham izchil kengayib bormoqda. Toshkentda Vebster universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konchilik maktabining kompetensiyalar markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.

Tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirishning yangi istiqbollarini ham belgilab olgan. Strategik ahamiyatga ega muhim minerallar, energetika, transport, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud.
Hududlararo aloqalarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashilgan.

Ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak tadbirlar rejasi va ularni mazmunan boyitish masalalari ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing