Shavkat Mirziyoyev xokkeychi va yengil atletikachilarni tabrikladi

Sport

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xokkey terma jamoasi va yengil atletikachilarni musobaqalardagi ishtiroki bilan qutladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari sportchilarning yutuqlarini alohida qiziqish va e’tibor bilan kuzatib boryapti.

Xabarda xokkey bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham xalqaro maydonda ajoyib natija ko‘rsatgani, Armanistonda o‘tkazilgan jahon chempionatida xokkeychilar o‘z divizionida g‘olib bo‘lib, kelgusi mavsumda uchinchi divizionda qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani qayd etilgan. Bundan oldin, joriy yilning mart oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham terma jamoa vakillari g‘alaba qozongan edi.

“Bu yutuqlar, eng avvalo, yigit-qizlarimizning tinimsiz mehnati, yuksak mahorati, mustahkam irodasi va matonati tufaylidir. Bunda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor va tizimli davlat siyosatining ham alohida o‘rni borligini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizda sport infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilandi, yangi maktablar ochilmoqda, sportchilarning professional rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda”, deb yozadi Sherzod Asadov.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonliklar 12 ta – 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z tarixida birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Davlat rahbari xokkeychi va yengil atletikachilarni yuksak zafarlari bilan tabriklab, ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik izhor etgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan terma jamoa a’zolarini tabriklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

xokkey Shavkat Mirziyoev engil atletika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing