Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti bilan telefonda gaplashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilib, Qozog‘istondagi muhim-siyosiy saylovning muvaffaqiyatli o‘tgani bilan yana bir bor qutladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat avvalida davlat rahbari Qozog‘iston Prezidentini mamlakat tarixida ilk marotaba bir palatali Qurultoyga saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagan.

Yangi Qurultoy Qozog‘istonda izchil islohotlarni yanada ilgari surishda muhim omil bo‘lishi, keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qonunchilik jihatidan samarali ta’minlashi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirilgan.

Shuningdek, suhbat davomida davlat rahbarlari O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Telefon muloqotida yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashgan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda kecha, 23 avgust kuni tarixda ilk bor yangi bir palatali parlament – Qurultoy deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda 145 ta deputatlik o‘rni uchun 7 ta siyosiy partiyadan 545 nafar nomzod qatnashdi. Ovoz berishda 9,35 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etgan, davomat 74,19 foizni tashkil qilgan.

Dastlabki ekzitpollarga ko‘ra, Prezident Qosim-Jomart To‘qayevni qo‘llab-quvvatlovchi “Adolat” partiyasi 70,7–72,3 foiz ovoz bilan yaqqol peshqadam bo‘lgan. “Ovul” 6,2–6,4 foiz, respublikachilar 5,2–5,5 foiz, “Oq yo‘l” va OSDP esa qariyb 5 foiz ovoz olgan. Qozog‘iston Xalq partiyasi va “Baytaq” 5 foizlik natijadan o‘ta olmagan.

Saylov mamlakatda yangi Konstitutsiya qabul qilinib, avvalgi ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali Qurultoy tashkil etilganidan keyingi birinchi parlament saylovi bo‘ldi. Rasmiy yakuniy natijalar esa hali e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga maktub yo‘llab, mamlakatning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing