Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Cho‘lponotaga yetib bordi
Jamiyat
−
30 iyul 4241 1 daqiqa
Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi bilan yetib bordi. Bu haqda “AKIpress news” xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birgalikda Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib bordi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib oldi.
.jpg)
Issiqko‘l viloyatining Tamchi qishlog‘idagi aeroportda Oliy martabali mehmonni kutib olish uchun Qirg‘iziston milliy an’analari va ko‘chmanchi xalqlari merosini uyg‘unlashtirgan maxsus madaniy-marosim dasturi tayyorlandi. Unda burgutchilar, taygan itlari bilan ov qiluvchi ovchilar hamda qirg‘izlarning an’anaviy ovchilik madaniyati vakillari ishtirok etdi.
.jpg)
Aeroport hududida prezidentlar harakatlanadigan yo‘l bo‘ylab o‘tovlar tikilib, ular yonida san’atkorlar milliy raqslarni ijro etdi. Shuningdek, davlat rahbarlari ikki mamlakat milliy musiqalari va raqslaridan bahramand bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan borgan.
Davlat rahbari tashrif doirasida Cho‘lponota shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi tadbirlarida ishtirok etadi.
Live
Barchasi