Shavkat Mirziyoyev “Insoniy birodarlik” mukofoti g‘oliblarini tabrikladi
Jamiyat
−
12:36 1688 2 daqiqa
Kecha, 4 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdirlash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda davlat rahbari mukofotga sazovor bo‘lgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni tabriklagan.
“Siyosiy yetakchilarning uzoq davom etgan mojaroni oqilona hal etish, tinchlikka erishish yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlari, hech shubhasiz, ushbu nufuzli mukofotga haqli ravishda munosibdir”, degan O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, erishilgan kelishuv mintaqadagi tarixiy qadam bo‘lgan.
“Erishilgan kelishuv muammo yechimiga mas’uliyatli yondashuvning yorqin namunasi bo‘lib, keng mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi. Bugungi kunda faqat ahillik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va yaqin do‘stlik orqali xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligini ta’minlash mumkin”, degan Mirziyoyev.
Davlat rahbari O‘zbekiston har qanday nizo va ziddiyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, xalqaro huquq tamoyillari va yaxshi qo‘shnichilik asosida hal etish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyatining gumanitar tashabbuslarni faol ilgari surish, xalqaro maydonda muloqot madaniyatini izchil yuksaltirish borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti taqdirlash marosimi doirasida o‘tkazilgan global forumning ochilish marosimida nutq so‘zlagandi.
“Insoniy birodarlik majlisi” deb nomlangan yirik anjumanda xorijiy mamlakatlarning birinchi xonimlari, Nobel mukofoti sohiblari, BMT agentliklari va yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BAA va Ko‘rfaz davlatlarining yuksak martabali siyosatchilari, vazirlar va davlat arboblari, shuningdek, texnologiya va sun’iy intellekt etikasi sohasidagi yetakchi olimlardan iborat 150 nafar nufuzli mehmon ishtirok etgan.
Live
Barchasi