Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
17:00 809 2 daqiqa
Bugun, 18 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurdi. Davlat rahbari tashrifni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ziyorat chog‘ida Qur’on oyatlari o‘qilib, duolar qilingan.
Tashrif davomida davlat rahbariga majmuadan samarali foydalanish va uning turistik salohiyatini yanada oshirish, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish orqali islom ma’rifati va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berilgan.

Prezident bu ishlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidlagan.
“Bu ulug‘ zot bizga butun ilmlarini, bilimlarini meros qilib qoldirganlar. Biz shu ilmlarni davom ettirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz.
Men o‘zim ham har safar ulug‘ bobomizni ziyorat qilganimda, xalqimiz hayotiga baraka bersin, biri ikki bo‘lsin deb duo qilaman.
Biz ulug‘larimiz merosini asrash va targ‘ib qilish yo‘lida hali ko‘p ishlar qilamiz. Butun dunyodan odamlar O‘zbekistonga kelib, Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom Buxoriy majmuasini ko‘rishi, ziyorat qilishi uchun sharoit yaratamiz”, degan davlat rahbari.
Prezident tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan majmua islom olamining muqaddas qadamjolaridan biri sifatida mahalliy va xorijlik ziyoratchilar bilan gavjum. Kompleks avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir bu raqam 65 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Majmua tarkibidagi 10 ming kishilik masjid, ulkan maqbara, har birining balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora va moviy gumbazlar inshootga o‘zgacha ulug‘vorlik baxsh etadi. Ilg‘or axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan innovatsion muzeyda islom dini tarixi, payg‘ambarlar hayoti va Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyati keng yoritilgan, nodir eksponatlar namoyish etilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda majmuada ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit va xalqaro standartlarga mos xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ziyoratgoh hududida 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Live
Barchasi