Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasiga bordi
Jamiyat
−
15:25 1629 1 daqiqa
Bugun, 19 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunos Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan. Davlat rahbari maqbarani ziyorat qilgan. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qilgan.


“Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni Karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin”, deydi davlat rahbari.





Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Hizr majmuasiga borgan edi va O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgandi.
Live
Barchasi