Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasi bilan tanishdi

Jamiyat

image

Bugun, 19 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, majmua davlat rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddisning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etilgan. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratilgan. 

Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochilgan. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etilgan. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur ob’ektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.

Majmuaning o‘zi Samarqandning, yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostlagan. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurilgan.

Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etilgan. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni Karimda ismi zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.

Davlat rahbari turizm markazi va masjidda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan.

Ma’lumki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-ma’rifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu kunlarda rasman ochilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.

“Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, hech shubhasiz, bizning diyorimiz birinchilar qatorida tilga olinadi. Chunki Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos olimlar aynan mana shu zamin farzandlaridir”, deyiladi xabarda.

Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘’tabar oltita hadis kitobining biridir. O‘n yoshidan boshlab hadis ilmini o‘rgangan alloma 20 dan ortiq asar yozgan. Ular to hanuz dinu diyonatni mustahkamlash yo‘lida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqda.

Prezident har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. 

“Ushbu betakror qurilish yangi O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va ma’rifat nurini taratadigan qutlug‘ maskanga aylanadi deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi”, deydi Prezident.

Shuning uchun ham Imom Buxoriy majmuasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlangan.

Bu yerdagi barcha ishlar yakuniga yetganini hisobga olib, yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozini ado etish taklif qilingan, bu mo‘min-musulmonlar, butun el-yurtning ko‘nglidagi ish, xalqimizga munosib Ramazon sovg‘asi bo‘ladi.

Shuning bilan davlat rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Hizr majmuasiga borgan edi va O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Imom Buxoriy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing