Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni hayit va Navro‘z bilan qutladi
Jamiyat
−
13:39 633 1 daqiqa
Bugun, 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etilgan.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.
Live
Barchasi