Shavkat Mirziyoyev iftorlik marosimida ishtirok etdi
Jamiyat
−
17 mart 1674 7 daqiqa
Bugun, 17 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, marosimga hududlardagi studiyalar orqali nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillari ulangan. Shuningdek, turli millat va diniy konfessiyalar a’zolari, diplomatik korpus namoyandalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashgan.

Tadbir avvalida davlat rahbari butun O‘zbekiston xalqini muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbdan tabriklagan. Shu ulug‘ ayyom kunlariga barchani tinch-omon, sog‘-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukronalar aytilgan.
Ramazon oyi – mehr-oqibat, ezgulik va savobli amallar ramzi. Bugungi kunda davlat va nodavlat tashkilotlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi, Musulmonlar idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi, hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, shuningdek, saxovatli tadbirkorlar tomonidan keksa va nogironlar, kam ta’minlangan oilalar, ko‘makka muhtoj insonlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Tibbiyot bo‘linmalari olis va chekka hududlarga chiqib, ayollar, bolalar va nuroniylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, og‘ir bemorlarni operatsiya yo‘li bilan davolash ishlari olib borilmoqda.

Bunday xayrli ishlar jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va umummilliy birlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Davlat rahbari hozirgi g‘oyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulug‘ va bebaho ne’matligini, 38 milliondan ziyod aholi yagona xalq, ahil bir oila bo‘lib yashayotgani eng katta boylik ekanini yanada chuqur his etish zarurligini ta’kidlagan. Davrada O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashayotgani muqaddas islom dinining insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlariga, mamlakatning ochiqlik siyosatiga hurmat ifodasi sifatida baholandi.

Bu kun xalq uchun yana bir tarixiy voqea – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilayotgan kun ekani alohida ta’kidlangan.
“Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-ma’rifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.
Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!” deydi Prezident.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda rivojlangan davlat va erkin jamiyat poydevorini barpo etish uchun “Eng avvalo, ilm va ta’lim” degan oliy maqsad hayotga joriy etilmoqda. Zero, muqaddas islom dini ham insonni doimo ilmu ma’rifatga da’vat etadi. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga Qur’oni karimning “Iqro!” – “O‘qi!” degan muborak oyati muhrlab qo‘yilgani ramziy va teran ma’noga ega ekani aytilgan.
Markazni barpo etish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilingan ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan. Loyiha shoshilinch emas, chuqur o‘ylangan, ilmiy tadqiqot va izlanishlar bilan uyg‘un holda amalga oshirilgan. Natijada Hazrati Imom majmuasi yonida betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega bo‘lgan sharqona shaharcha qad rostladi.

Markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini yagona ma’rifiy makonda ko‘rish, shu asosda xalqning intellektual va madaniy salohiyatini yanada teran anglash mumkin.
“Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, o‘zining qanday ulug‘ meros egasi ekanini his etib, qalbi g‘urur va iftixorga to‘ladi”, deydi Prezident.
Nafaqat O‘zbekichton, balki butun mintaqaning ma’naviy mulki bo‘lgan bebaho boylikni chuqur o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi degan nom ostida birlashtirishga qaror qilingani aytilgan.
Xalqaro ekspertlar e’tirof etganidek, bugun O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha o‘ziga xos katta ilmiy maktab shakllanayotgani, mamlakat o‘zining qanchalik katta intellektual salohiyati borligini dunyoga namoyon eta olgani ta’kidlangan.
Prezident markazning ko‘lami va imkoniyatlari haqida to‘xtalib, ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgani, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etishini qayd etgan. Bu yerda “O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.
Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilib, o‘tgan yilning o‘zida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qo‘lyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgan. Xorijiy auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 743 ta eksponatning asl nusxalari yurtimizga keltirilgani ta’kidlangan.
Markazning asosiy zali – muqaddas Qur’on zalida dunyodagi eng qadimiy oltita Qur’oni karimdan biri bo‘lgan mo‘’tabar Usmon Mushafi o‘zining yuksak maqomiga munosib sharafli o‘rin topgan. Shuningdek, turli davrlarga oid nodir Qur’on qo‘lyozmalari ham shu yerda jamlangan.
Qayd etilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi 2025 yilning o‘zidayoq minglab xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Ular orasida qator davlatlar Prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputat va senatorlar, vazirlar, elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari bor. Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar ishtirok etgan.
Davlat rahbari ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan loyihachi va quruvchilar, muhandislar, olimu ulamolar, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati a’zolariga, barcha fidoyi insonlarga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, mazkur yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini ko‘rsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytilgan.
“Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida bo‘lmasin, tariximizga tegishli bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, bitta eksponat bo‘lsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani o‘rtaga qo‘ygan edim. Ming shukrki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz”, deydi davlat rahbari.
Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalarni aniqlash va o‘rganish uchun yangi xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilishi ta’kidlangan. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlar keng jalb etiladi.
Shuningdek, Markaz faoliyatini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish maqsadida bu yerda ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asosida ofislar tashkil etilgani qayd etilgan. Endi ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining yangi qarorgohiga ega bo‘lgani, bu yerda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar va imom-xatiblar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlangan.
Yaqin kelajakda BMT qarorgohida ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezident markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyat uchun fundamental baza bo‘lishini alohida ta’kidlagan. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarda shu yerda o‘qishi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilimi va malakasini oshirishi nazarda tutilgan.
Eng muhimi, markaz yoshlar orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerakligi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan davlat rahbari olim va tadqiqotchilar, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlar, ijodkor yoshlarga murojaat qilgan:
“Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va ko‘rsatuvlar uch ming yillik tarix va madaniyatning so‘nmas ovozi bo‘lib dunyoga taralsin! Yangi O‘zbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat diyori sifatida olamga tarannum etsin! Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy g‘urur maktabiga aylansin!” deydi Prezident.
So‘zining yakunida davlat rahbari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurt va jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qiladigan tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat maydoni bo‘lib qolishiga ishonch bildirgan.
Iftorlik marosimida Qur’oni karimdan tilovat qilingan. Muqaddas Ramazon oyida tutilayotgan ro‘zalar, qilinayotgan ibodatlar qabul bo‘lishi, Yaratgan Parvardigor O‘zbekichton xalqini va vatanni o‘z panohida asrashini so‘rab, duolar qilingan.
Live
Barchasi