Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonning Ashxobod shahriga bordi va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxt aeroportida O‘zbekiston rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.

Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Davlat rahbari Turkmaniston yetakchisini tarixiy sana – doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklagan hamda ushbu muhim voqeaga bag‘ishlab ertaga o‘tkaziladigan xalqaro forum ishiga muvaffaqiyatlar tilagan.

“Suhbat davomida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, birinchi navbatda, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy hamda gumanitar sohalarda yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqqan.

Ertaga, 12 dekabr kuni O‘zbekiston rahbari Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi.

Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkmanistonning Avaza shahriga tashrif doirasida Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi Oguljahon Otaboyeva bilan uchrashgandi. Mirziyoyevaning bildirishicha, uchrashuvda gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, bolalikni himoya qilish sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing