Shavkat Mirziyoyev faxriy unvon, orden va medallarni egalariga topshirdi

Jamiyat

photo_2021-08-30_16-45-20 (2)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq, mamlakat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ko‘plab vatandoshlar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Bugun, 30 avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ularga o‘zining yuksak ehtiromini bildirdi.

“Bunday tarixiy damlarda har bir xalq o‘z istiqlolini sarhisob qiladi. O‘tgan 30 yilda mustaqil davlatimiz qurildi, rivojlandi, jahon hamjamiyatida o‘zimizning o‘rnimizni, yo‘limizni topdik. Bugungi kunda hamma soha va tarmoqlardagi intilishlarimiz, har bir mahallaga, qishloqqa, oilaga kirib borishimiz o‘z natijasini berayapti, odamlar rozi bo‘layapti”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Haqiqatan, har bir jabhada o‘zgarishlar  yuz bermoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishga erishgan sanoqli davlatlar qatorida e’tirof etilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” singari yirik dasturlar jamiyatda ijtimoiy muhitni tubdan o‘zgartirmoqda.

Prezident istiqlol yillarida mustaqil fikrli, zamonaviy dunyoqarashli yangi avlod voyaga yetganini, ular davlatning tayanchi va kelajagi ekanini ta’kidladi.

“Mustaqilligimizning birinchi yilida tug‘ilgan yoshlar 30 yoshga kirdi, balog‘atga yetdi. Biz birinchi kundan yoshlar masalasini eng katta vazifa qilib olganmiz. Agar bugungi shiddatli dunyoda yoshlarimiz tarbiyasiga katta e’tibor qaratib, ularga bilim, ko‘mak berib, hozirgi zamonga munosib qilib, yo‘lini topib bermasak, ko‘p narsadan orqada qolib ketamiz. Bugun joylarda ishlayotgan, o‘qiyotgan, zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishayotgan ana shunday jo‘shqin yoshlarimiz davlatimizga juda katta kuch-qudrat”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, keyingi ikki yil insoniyat tarixida kutilmagan og‘ir davr bo‘ldi. O‘zbek xalqi ham xursandchilik kunlar bilan birga, mashaqqatli sinovlarni ham boshidan kechirdi. Koronavirus ofati butun dunyoni tashvishga solib, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyo bozorlarida shafqatsiz raqobat, “savdo urushlari”, bizga qo‘shni hududlarda qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar kuchayib bormoqda.

“Bugungi murakkab sharoitda xalqimiz salomatligini asrash bilan birga iqtisodiyotimizni ham rivojlantirishdek og‘ir masala kun tartibida turibdi. Shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlarini, bog‘bonu dehqonlar, fermer va tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun yangi-yangi yo‘llarni izlayapmiz. Mana shunday o‘ta murakkab, qaltis vaziyatda biz xalqimizning mustahkam irodasi, sizlar kabi yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati bilan qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz”, dedi Prezident.

Davlat rahbari “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan ilg‘or fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedovni, matematik olim, akademik Shavkat Ayupovni, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim G‘afurovni, xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevani alohida tabrikladi.

Fidoyi shifokorlar o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, aholi salomatligi uchun har kuni, har daqiqada kurashmoqda. Mard va jasur harbiylar tinch-osoyishtalik yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Omilkor tadbirkorlar, dehqon va fermerlar, ishchi-muhandislar mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.

Ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohasi vakillari katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Navqiron yoshlar xalqga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqmoqda. Prezident ularni yuksak mukofotlar bilan qutlab, ezgu tilaklarini izhor etdi.

Shu kunlarda joylarda ko‘plab fuqarolar "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishonini qabul qilib olmoqda. Davlat rahbari ularni ham o‘zbek xalqi nomidan samimiy tabrikladi. Shundan so‘ng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Bu yil yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Prezident farmoniga muvofiq, mamlakatda madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar mukofotlandi. Marosimda bu mukofotlar ularning oila a’zolariga topshirildi.  

“Ko‘ksingizda yarqirab, yarashib turgan faxriy unvonlar, orden va medallar barchangizga muborak bo‘lsin. Men hammangizni yaxshi bilaman, sizlar bilan faxrlanaman. Qadamlarimiz barakali, natijali bo‘lishi uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak. O‘zi, inson uchun eng katta baxt – oilaviy baxt, yaqinlarimiz sog‘-salomat, yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lishi. Ilohim, hammangizga shunday baxt nasib etsin. Har bir oilada xotirjamlik, to‘ylar bo‘lsin!” dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

160

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing