Shavkat Mirziyoyev ertaga Qozog‘istonga boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan ertaga, 29 may kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakat yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi tadbirlarida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etadi.

Sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi — Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) eng yuqori organi bo‘lib, uning tarkibiga tashkilotga a’zo davlatlar (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston) Prezidentlari kiradi. Kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston nomidan ham Kengash yig‘ilishlarida mamlakat Prezidenti ishtirok etadi. Ushbu kengash ittifoqning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi, byudjetni tasdiqlaydi va ijroiya organlar rahbarlarini tayinlaydi. Kengash majlislari yiliga kamida bir marta o‘tkazilib, unda barcha qarorlar konsensus (umumiy rozilik) asosida, ya’ni har bir a’zo davlatning teng ovoz huquqi inobatga olingan holda qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyining o‘rtalarida ham Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga amaliy tashrif bilan borgan edi. O‘shanda O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, unda muhim tashabbuslarni ilgari surgan, tashkilot doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev tashrif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing