Shavkat Mirziyoyev Eron delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
09 mart 2022
4828Bugun, 9 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat hamda ushbu mamlakatdagi gumanitar inqirozni yengib o‘tishga zarur ko‘mak ko‘rsatish choralari yuzasidan fikr almashilgan.
O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari va mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqilgan. Uchrashuv avvalida Ali Shamxoniy davlat rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida sheriklik loyihalari va dasturlarini ilgari surish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan xavfi ortib borayotgan terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotiklarning noqonuniy aylanmasi tahdidlariga qarshi kurashish masalalarida samarali hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.
“O‘zbekiston yetakchisi oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalarining sanoat kooperatsiyasi kengaymoqda. O‘tgan oyda Tehron shahrida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yana bir qator muhim tadbirlar rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi