Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
29 yanvar 1177 2 daqiqa
Bugun, 29 yanvar kuni Anqara shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas Ramazon oyi kirib kelayotgani bilan bir-birlarini samimiy tabriklagan.
O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.
Barcha darajalardagi yuqori sur’at va faol muloqotlar mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan strategik rejalashtirish guruhining “4+4” formatidagi uchrashuvining samarali natijalarini olqishlagan.
“O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarning soni izchil o‘sib bormoqda. Muntazam ravishda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, uchrashuvda sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda loyiha va dasturlarni ilgari surish zarurligi ta’kidlangan.
Mudofaa va xavfsizlik sohasida, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashtiruvni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Anqara shahriga borgani va Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidentining Anqara shahridagi Oqsaroy qarorgohida rasmiy kutib olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi