Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston xotin-qizlarini tabrikladi
Jamiyat
−
06 mart 1419 2 daqiqa
Bugun, 6 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazilmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
“Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib, maydonga chiqayotgan 22 million yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.
Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan aytganda, xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, deydi davlat rahbari.
O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani ta’kidlangan.
Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etilgan. Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib, birorta qonun qabul qilinmaydi.
Yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllangan, mirishkor fermer ayollar 12 ming nafardan oshdi. Ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan olimalar 6 ming nafardan oshdi. O‘tgan yili dunyo arenalarida shijoatli o‘zbekistonlik qizlar 167 ta oltin, 193 ta kumush, 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar hayotidagi ana shunday katta o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi.
Live
Barchasi