Shavkat Mirziyoyev BAA bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi
Jamiyat
−
04 mart 1109 1 daqiqa
Bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etgan.
Bildirilishicha, muloqotda muqaddas Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi ta’kidlangan.
Davlat rahbari ushbu murakkab damlarda O‘zbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirgan.
Shavkat Mirziyoyev hozirda ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak, ularni vataniga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etgan.
O‘z navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston Prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlagani, ko‘rsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Birlashgan Arab Amirliklari xalqiga hamdardlik bildirgan edi.