Shavkat Mirziyoyev “Arqadag‘”ga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2020
9607O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
“Sizni va do‘stona Turkmaniston xalqini samimiy tabriklash va milliy bayram – Turkmaniston mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni va eng yaxshi tilaklarimni izhor etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Sizning dono rahbarligingizda Turkmaniston barcha sohalarda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida aholining turmush darajasi o‘sib borayotgani, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, yangi go‘zal shaharlar bunyod etilayotgani, yirik zamonaviy infratuzilma inshootlari barpo etilayotganidan juda mamnunmiz.
Turkmaniston tomonidan BMT va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surilgan amaliy tashabbuslar mamlakatning xalqaro maydondagi roli va obro‘si o‘sib borayotganining yorqin tasdig‘idir.
Ko‘p qirrali o‘zbek-turkman aloqalari xalqlarimizning ko‘p asrlik tarixi, tili, ma’naviy va madaniy qadriyatlari mushtarakligi asosida samarali rivojlanib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik barcha ustuvor yo‘nalishlarda, shu jumladan savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa muhim sohalarda izchil mustahkamlanib bormoqda.
Ishonchim komilki, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlashga abadiy sodiq qolgan ikki qardosh xalqimiz manfaatlari yo‘lida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar bundan keyin ham kengayib boradi”, deyiladi Prezident tabrigida.
Ma’lumot uchun, 27 sentyabr kuni Turkmanistonda mamlakatning asosiy bayrami Mustaqillik kuni nishonlanadi. 1992-2017 yillar davomida bu bayram 27 oktyabr kuni nishonlangan. 2017 yilda bayram 27 sentyabrga ko‘chirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatni 2007 yildan buyon boshqarib keladi.
LiveBarchasi