Toshkent va Praga o‘rtasida aviaqatnovlar qayta tiklanishi mumkin (video)

Jamiyat

image

Bugun, 30 aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Chexiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi ushbu tashrif O‘zbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidlagan.

Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar o‘rnatilgan, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgan.

Parlamentlarda “Do‘stlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshgan. Mamlakatda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ish olib borilmoqda.

O‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.

Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etilgan.

Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangan.

Tomonlar Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishlagan.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilingan.

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida ta’lim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlangan.

O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlangan.

Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev muzokara Andrey Babish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing