Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni tabrikladi
Jamiyat
−
10 avgust 2020
7281O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni Belarus Respublikasi Prezidenti saylovida erishgan ishonchli g‘alabasi bilan qutladi.
Davlat rahbari o‘z maktubida saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi va ovoz berish natijalari Belarus xalqining Aleksandr Lukashenkoga bo‘lgan ulkan ishonchini va birdamligini, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan samarali islohotlar davom ettirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor namoyon etganini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ikki tomonlama munosabatlarni aniq mazmun – iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya bo‘yicha muhim loyihalar va gumanitar almashinuvga oid dasturlar bilan boyitishiga ishonch bildirdi.
Davlat rahbari Aleksandr Lukashenkoga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi zafarlar, do‘st Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Ma’lumot uchun, kecha, 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Lukashenko 84,23 foiz ovoz to‘pladi. Uning eng yaqin ta’qibchisi Svetlana Tixanovskaya 9,9 foiz ovoz yig‘gan. Saylovda qatnashganlarning 6,02 foizi hech bir nomzodni qo‘llab-quvvatlamadi.