Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabida rasmiy kutib olindi

Jamiyat

image

Bugun, 25 mart kuni Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shohsupaga ko‘tarildi. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari davlat madhiyalari yangradi. 

Shundan so‘ng ikki davlat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari boshlandi.

Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul va yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning diniy-ma’naviy qadriyatlari mushtarak ekani, bu ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘lishini ta’kidladi. 

Birlashgan Arab Amirliklari tarixan qisqa davrda – ellik yilda sahro qo‘ynida mo‘’jiza yaratib, iqtisodiyot, innovatsiya, savdo, moliya va turizm bo‘yicha dunyo markazlaridan biriga aylanganini, O‘zbekiston shu sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. 

Muhammad bin Zoid Ol Nahayon O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. 

2018 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi qariyb 400 million dollarni tashkil etgan. 

Shavkat Mirziyoyev bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan o‘sgani, lekin tomonlarning salohiyatini hisobga olganda, yetarli darajada emasligini ta’kidladi. Shu bois muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Joriy yil 12 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yig‘ilishi natijalari ijobiy baholandi. Hukumatlararo komissiya oldiga yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, buning uchun tovar yetkazib berishni ko‘paytirish, xomashyoni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. 

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi va BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma’muriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida jami qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqot chog‘ida siyosat, investitsiya, xavfsizlik sohalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika va infratuzilma yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, fan-texnologiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi. 

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-BAA

Baholaganlar

11

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing