Shavkat Mirziyoyev 83 nafar ayolni afv etdi
Jamiyat
−
06 mart 2020
5251Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkuma ayollarni afv etish tashabbusi bildirildi. Shunga muvofiq, Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya, boshqa mutassadi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bevosita joylarga chiqqan holda mahkuma ayollarning shaxsini o‘rganish va ular bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.
Farmonga muvofiq jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayollar afv etildi.
“Afv etilgan ayollarning 12 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 29 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 17 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so‘z bilan aytganda, 58 nafar ayol jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 25 nafar mahkuma ayolga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi”, deyiladi xabarda.
Afv etilganlarning 7 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan ayollarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi