Shavkat Mirziyoyev 2026 yil uchun davlat dasturini tasdiqladi

Jamiyat

image

Bugun, 16 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil uchun mo‘ljallangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berilgan.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqilgan. Ularda Prezident tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda. 

Islohotlar dasturlari va Davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida to‘xtalingan. 

Islohotlar dasturlari davlat rahbarining xalq va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026 yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan. 

Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni ta’minlash orqali uni yuksaltirish. 

Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga o‘tilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga mo‘ljallangan ijro natijalari bo‘yicha KPI belgilangan. Dasturlar to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026 yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026 yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, 23 yanvar – 1 fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targ‘ib qilingan. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirilgan.

Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari o‘tkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etgan. Xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qo‘shimcha tashabbuslar bildirilgan. 

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, Davlat dasturi loyihasiga kiritilgan. 

Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangan. 

Shuningdek, mahalla mablag‘lari sarfi bo‘yicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qat’iylashtirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar qiziqarli deb topilgan.

Bundan tashqari, AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qo‘shimcha takliflar olingan. 

Xorijdagi o‘zbekistonliklar nodavlat maktablar faoliyatini rivojlantirish uchun aniq, barqaror va shaffof litsenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etish, amaliyot jarayonida o‘quvchilarni yo‘naltiruvchi korxona mutaxassislari uchun rag‘batlantirish va mas’uliyat tizimini tatbiq qilish, bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha xavf guruhlarini aniq belgilaydigan yagona raqamli skrining tizimini joriy etish, imtiyozli kreditlarni ajratishda “natijaga bog‘langan imtiyoz” (performance-based subsidy) modelini, eksport qiluvchi korxonalar uchun esa “Export-as-a-service” modelini joriy qilish, ya’ni logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va to‘lov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish, advokatlar uchun elektron navbat olish jarayoni bo‘yicha qo‘llanma va videoyo‘riqnomalar tayyorlash kabi takliflarni bildirgan. 

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion so‘m ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. 

Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi. 

Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan mas’ullar har chorakda ijro holati yuzasidan Prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qat’iy nazoratga olish uchun mas’ul bo‘ladi. 

Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishgan, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqlagan. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi – yangi ish o‘rinlari ko‘payishi, daromadlar o‘sishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev davlat dasturi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing