Onix nega qimmat yoki “shapka” qonuniylashtiriladimi?

Jamiyat

Kecha, 15 fevral kuni Andijondagi UzAuto Motors zavodida Chevrolet Onix avtomobilini seriyali ishlab chiqarish boshlandi. Shu munosabat bilan yangi avtomobilning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.

Tadbirni avtomobil haqidagi rolik boshlab berdi. Shundan so‘ng kechaning qahramoni bo‘lgan Chevrolet Onix mashinalari sahnaga chiqdi.

Taqdimotda 2022 yilda 327 ming dona – rekord darajadagi avtomobil ishlab chiqarilgani urg‘ulandi. Biroq mashinalarni ishlab chiqarish yil sayin ortayotganiga qaramay, ularni sotib olishdagi navbatlarga chek qo‘yilmayapti. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Shavkat Umrzoqovga qo‘shimcha pul to‘lab, avtomobilni navbatsiz olish imkoni yaratiladimi, ya’ni xalq orasidagi “shapka”ni qonuniylashtirish mumkinmi deya yuzlandik.

“Men bu taklifga qarshiman, noto‘g‘ri narsa. Bekorga ishlab chiqarishda 500 ming bilan chegaralanmaymiz demadim. Avtomashinalar navbati butun dunyoda bor. Men bu bilan uni to‘g‘ri ham demoqchimasman. Lekin bu narsa [avtomobil yetkazib berish muddatini kamaytirish]ni faqat mashina ko‘p ishlab chiqarish bilan yengamiz. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mashinani tezroq olish uchun ko‘proq pul to‘lang, desak, noto‘g‘ri bo‘ladi. Andijonning o‘zida bu yil 250−300 mln dollarlik to‘rtta yangi zavod quradigan bo‘ldik. Bu nima beradi? Tasavvur qiling, 2016 yil 80 ming mashina chiqqan, 2017 yil 120 ming chiqqan. Bugun 330 ming chiqaryapmiz. Bu yil 400 mingdan oshiq chiqaramiz. Navbat yo‘q bo‘ladi, ishoning, faqat ozgina sabr [qiling]”, dedi “O‘zavtosanoat” raisi.

Hademay, Chevrolet Onix o‘z egalariga taqdim etiladi. Biroq avtomobil “Uzavto Motors” vakili 2021 yilda aytganidek, 9−12 ming dollar emas, balki 13−16 ming dollar atrofida sotilmoqda. 

“Mana bitta misol, bizning mashinalarimizni yo qimmat, yo sifati past deyishadi. Qozog‘iston bozori naqadar rivojlangan – u yerda hamma brend va ularni ishlab chiqarishi bor. Biz borganimizda u yerda 10-o‘rinda edik, 2 yildan buyon 1-o‘rindamiz. Qozog‘iston Onix mashinasini ishlab chiqarishimiz uchun 50 million dollar pul berdi. Aytmoqchimanki, mashinamiz yomon bo‘lsa, biz birinchi o‘ringa chiqa olmasdik. U yerda Kia, Hyundai brendlari bor. Ularning ham narxi tushgani yo‘qku! Xudo xohlasa, bizning mashinalarimiz ham arzon, ham sifatli bo‘ladi. U yer bozorlariga ham biz bekorga kirib bormayapmiz”, deya ta’kidladi Shavkat Umrzoqov.

Shu o‘rinda mehmonlardan yangi mashina haqidagi fikri bilan qiziqdik.

“Onix’ning yangi markasi qalbimizdan joy oldi. Biz uni haydab ko‘rdik, tomosha qildik. Yetarlicha, tezkor mashina. Men o‘ylaymanki, u bozorda Kia Rio, Hyundai Accent kabi mashinalarning o‘rnini egallay oladi. U nafaqat mahalliy bozorda, balki xorijiy va qo‘shni mamlakatlarda, masalan, Qirg‘izistonda ham ommabop bo‘lishiga ishonaman”, deydi “Uzavtosanoat”ning Qirg‘izistondagi vakili Farxad Dosmatov.

Shuningdek, Chevrolet Onix Premium ham taqdim etildi. Unda klimat kontrol, lyuk, orqa o‘rindiq isitish tizimi kabi qulayliklar bo‘ladi.
Avtomobilda mobil telefonlarni maxsus joyga qo‘yish orqali simsiz quvvatlantirish imkoniyati mavjud. Bunda jarayon magnit orqali amalga oshiriladi.

Haydovchilarni mashina dvigatelining quvvati va 100 km masofaga necha litr benzin sarflashi qiziqtirishi tabiiy. Avtomobil komplektatsiyasiga qarab 2 turdagi dvigatel bilan taqdim etiladi:

  • 1,2 litrli 90 ot kuchiga ega atmosferali dvigatel 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan;
  • 1,2 litrli 132 ot kuchiga ega turbo dvigatel 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Avtomobil 10,9 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, shu bilan birga aralash siklda 100 km uchun faqat 6,5 l va shahar tashqarisidagi yo‘lda 5 litrgacha yonilg‘i sarflaydi.

Tadbirda General Motors International global xaridlar va ta’minot tizimi vitse-prezidenti Jonniy Saldana so‘zga chiqib, 27 yillik ish faoliyatining deyarli yarmini UzAutomotors zavodida o‘tkazganini bu yer u uchun juda qadrli ekanini ta’kidladi. 

Albatta, zavodda mehnat qilayotgan 30 ming xodimdan Onix mashinasi ishlab chiqarilishida asosiy hissasini qo‘shgan ishchilar ham unutilmadi – ular faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing