Menga qo‘ng‘iroq qilib, samolyotni urib tushirishmoqchi bo‘lishganini aytishdi – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Avvalroq, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining  yigirmanchi yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik.

Majlisda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 may kuni Yaqin Sharqda kechayotgan notinch hududlardan, xususan ISHID iskanjasidan Vatanga olib kelingan 156 nafar o‘zbekistonlik ayollar va bolalarning qanday ortga qaytarilgani haqida gapirib berdi. 

“Suriyadan 156 kishini O‘zbekistonga qaytarishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Biz ularni katta azob bilan ortga qaytardik. Suriyaga jo‘natgan samolyotimizni yo‘ldan qaytarishdi. Shaxsan menga samolyotdagilar qo‘g‘iroq qilib, bizni urib tushirishmoqchi, nima qilaylik, deyishdi. Keyin Ozarbayjonga qo‘nish bo‘yicha ko‘rsatma berdim.

U yerdagi ayollarni maxsus hududga olib kelish uchun beshta avtobus yuborgandik. Faqat ikkitasi ortga qaytdi. Ayollarning ko‘pchiligini berishmadi. 

Bu ayollar nima sababdan Suriyaga borib qolgan? Parlamentdan bu mavzuda, ular bilan ishlash bo‘yicha takliflar kutgandim. Lekin hech kimdan hech qanaqa gap chiqqani yo‘q”.

Ma’lumot o‘rnida, Yaqin Sharq hududidan qaytarilgan o‘zbekistonliklarning 48 nafari ayol, 107 nafari bolalar. Ular Suriya poytaxti Damashqdan 800 km uzoqlikdagi Qamishli shahridagi “Al-Xol” lagerida og‘ir ahvolda yashab kelgan.

Davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq, Hukumat qarori bilan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov raxbarligida Maxsus komissiya tashkil etildi va Maxsus komissiya tarkibiga kirgan barcha mas’ul vazirlik va idoralar mutasaddilariga aniq vazifalar belgilab qo‘yildi.

Qaytarilganlarga tegishli xizmat turlarini ko‘rsatish uchun maxsus komissiya tarkibiga Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Adliya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika madaniyat markazidan tegishli rahbar va xodimlar jalb qilindi.

Qurolli to‘qnashuvlar hududidan qaytganlarni ijtimoiy reabilitatsiya hamda sog‘lomlashtirish maqsadida Toshkent viloyatida hududidagi barcha kerakli sharoitlar yaratilgan sanatoriyga joylashtirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Suriya Yalpi majlis Yaqin sharq

Baholaganlar

518

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing