Shaxmatga salbiy, futbolga foydali hafta – Sport dayjesti

Tahlil

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar markazi bilan tanishdi. Yevropada o‘zbekistonlik futbolchilar soni ko‘paymoqda. Abdusattorov uchun Jahon chempionati omadsiz tarzda yakunlandi. Nursulton Ro‘ziboyev sentyabr oyidayoq jang o‘tkazmoqchi, Ergashev-Matias jangi uchun esa proumouterlik auksioni o‘tkaziladigan bo‘ldi. Kosta-Rikada futbolchi timsohga yem bo‘ldi. Assalomu alaykum! Ortda qolayotgan haftaning eng muhim va trenddagi xabarlari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Mirziyoyev yosh futbolchilar bilan uchrashdi

2 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan Futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu markaz Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Hozirda 8 ming o‘rinli stadion qurilgan. Yana 7 ta mashg‘ulot maydoni, plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn, reabilitatsiya majmuasi va yotoqxonalar qurilishi rejalashtirilgan.

Soha mutasaddilari bilan suhbatda o‘zbek futboliga xorijdan malakali texnik direktor olib kelish, futbol tuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan va Toshkentda mintaqaviy bazalar tashkil qilish, murabbiylar maktabini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident yoshlar orasida futbolni yanada ommalashtirish, ularga sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdu.

“O‘zbekistonda futbol eng sevimli sport turi. Har o‘nta odamdan to‘qqiztasi uning muxlisi desa bo‘ladi. Bu ommaviylikdan foydalanib, futbolni tubdan rivojlantirish kerak. Masalan, yurtimizda 10 mingta maktab bor, 208 ta tuman-shahar bor. Xo‘sh, maktab, mahalla, jamoalarda futbol qanday bo‘ladi? Ikkinchidan, futbolga mehr qo‘ygan bolalar o‘z yo‘lini topishi uchun nima qilishimiz kerak? Uchinchidan, yoshlar futboldan ketgandan keyin nima bilan shug‘ullanadi, ularga qo‘shimcha kasb-hunar berishni ham o‘ylash zarur”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari yosh futbolchilar bilan ham suhbatlashdi.

“Xalqimizning sportga mehri kuchli. Ayniqsa, futbol “oilaviy do‘stimiz”. Milliy terma jamoamiz o‘yinlarini hammamiz g‘urur, faxr, hayajon bilan kuzatamiz. Sizlar oilada ota-onangizning farzandi bo‘lganingiz bilan maydonda xalqimizning farzandisizlar. Ana shuni doim yodda tuting. Futbolchilar dunyo kezadi, chet el jamoalarida o‘ynaydi. Ular O‘zbekiston tarixini, sharoitlarini yaxshi bilishi kerak. Ular bizning elchilarimiz, bolalarga namuna” dedi Prezident.

Shuningdek, uchrashuvda futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasini jahon yutuqlari asosida rivojlantirish masalalari ham ko‘rsatib o‘tildi.

Rasman: Abbosbek Fayzullayev Rossiya klubiga ko‘chib o‘tdi

Toshkentning “Paxtakor” klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Rossiyaning SSKA jamoasida davom ettiradi. Bu haqda Moskva klubi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 4 avgust kuni SSKA o‘zbekistonlik yarim himoyachi bilan 2025/2026 yilgi mavsum oxiriga qadar shartnoma imzolagan. Shuningdek, moskvaliklarda bitimni yana bir yilga uzaytirish huquqi mavjud.

Ma’lumot uchun, Fayzullayev joriy yilning mart oyida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi U-20 turniri doirasida O‘zbekiston jamoasi bilan qit’a chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Argentinada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida to‘rt o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 1 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. 

Abbosbek Fayzullayev 2022/2023 yilgi mavsumda Superligada “Paxtakor“ nomidan 6 o‘yinda maydonga tushib, o‘z nomiga 2 ta golni rasmiylashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov Fransiyaning vitse-chempioni hisoblangan “Lans” jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi.  U jamoa bilan 2027 yilning 30 iyunigacha mo‘ljallangan 4 yillik shartnoma imzolagan.

Jahon chempionati Abdusattorov uchun omadsiz yakunlandi

 Ayni kunlarda Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi bahslari davom etmoqda. Afsuski, musobaqa bir qator yetakchi shaxmatchilarimiz uchun muvaffaqiyatsiz yakunlnadi. 4 avgust kuni musobaqaning 2-bosqich tay-brek bahslari o‘tkazildi. Unda ikki nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi – Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyevlar ishtirok etdi. 

Javohir Sindorov avstriyalik Markus Raggerni 1:0-2:1 ko‘rinishidagi natijalar bilan mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev Vengriya vakiliga 1:1-1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Endi Sindorov 3-bosqichda fransiyalik Maksim Vashe-Lagravga qarshi dona suradi. Yoqubboyev esa turnirdagi ishtirokini shu yerda yakunladi.

3 avgust kuni esa Nodirbek Abdusattorov Jahon kubogining 1/64 finali bahslari doirasida reytingda o‘zidan 60 pog‘ona pastda bo‘lgan turkiyalik raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Partiya o‘rtasida pozitsion ustunlikka ega bo‘lgan Nodirbek noaniq yurishlar qilishni boshlab, 35-yurishda o‘ta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va bu xatosi raqibga to‘liq ustunlik berdi. Vahob Sanal bu ustunlikni saqlab qolgan holda 44-yurishdan so‘ng Nodirbekni taslim qildi. Shunday qilib Abdusattorov ham mundialdagi ishtirokini to‘xtatdi.

Ma’lumot uchun, mukofot jamg‘armasi 2,5 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan mazkur nufuzli musobaqa 24 avgustga qadar davom etadi. Jahon kubogida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 111 ming, 2-o‘rin sohibi 80 ming, 3-o‘rindan joy olganlar 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, musobaqada uchta sovrinli o‘rinni egallaganlar 2024 yili shaxmat toji uchun kurashadiganlar qatoriga kiritiladi.

Ro‘ziboyevga jang kerak

O‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev amerikalik sportchi Stiven Tompson bilan jang qilmoqchi. 

Gap shundaki, Stiven Tompsonning UFC 291 turnirida braziliyalik Mishel Perreyraga qarshi jangi bekor bo‘lganidan keyin, Ro‘ziboyev unga qarshi oktagonga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.

“UFC menga bu jangni keyingi hafta yoki istagan vaqtingizda tashkil qilib bering. Men har doim tayyorman!  Dana Uayt menga lokatsiya yuboring”, deydi Ro‘ziboyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UFC Ro‘ziboyevning navbatdagi jangi braziliyalik Kayo Borraloga qarshi o‘tkazilishini tasdiqlagandi. Ro‘ziboyev - Borralo jangi 4 noyabr kuni San-Pauluda o‘tkaziladi.

Aftidan o‘zbekistonlik sportchiga zudlik bilan jang tashkil qilib berish kerak. Bir vaqtlar turli xil MMA turnirlarida bir oyning o‘zida 4-5 ta jang o‘tkazgan Ro‘ziboyev juda zerikib qoldi chog‘i, vaholanki uning UFC’dagi dastlabki jangiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Yaqindagina Ro‘ziboyev tvitterda “Men sentyabrda jang qilmoqchiman, kimligining farqi yo‘q, faqat menga jang  bering, men ochman”, deb yozib chiqdi.

Ro‘ziboyevning fikrlariga esa uning bo‘lajak raqibi Kayo Barallo munosabat bildirdi.

“Instagram’ga video qo‘ymasligim kerak edi, men bu yigitni qo‘rqitib yuboribman”, deydi braziliyalik UFC jangchisi. 

Barralo yuqoridagi gaplari orqali Ro‘ziboyevni jangdan qochish va qo‘rqoqlikda aybladi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchi jang qilishdan qo‘rqqani uchun boshqa raqib izlamoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda anchagina faol bo‘lib qolgan Ro‘ziboyev ham Barraloga javobni uzoq kuttirrmadi.

“Xudodan boshqa, hatto kattalari ham meni qo‘rqita olmaydi”, deb javob qaytardi Ro‘ziboyev.

O‘zbekistonlik sobiq UFC jangchisi MMA'dagi faoliyatini yakunladi

O‘zbekistonlik sobiq UFC jangchisi Saidyoqub Qahramonov MMA'dagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda sportchining o‘zi Twitter sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, samarqandlik aralash yakkakurashlar ustasi endilikda sportdagi faoliyatini butkul tugatgan va umuman boshqa sohada ishlamoqda.

“Yonimda atigi bir nechta odam qoldi, bu ham bo‘lsa mening oilam. Men bu narsalarni yig‘ishtirdim, endi oilaviy hayotimni izga solmoqchiman. MMA'dagi kareram davomida ko‘p narsani o‘tkazib yuboribman, endilikda meni yaxshi biznesmen sifatida ko‘rishingiz mumkin”, deydi Qahramonov.

Ma’lumot uchun, Saidyoqub Qahramonov professional faoliyati davomida 13 ta jangda ishtirok etib, ularning 10 tasida g‘alaba qozongan va 3 marta raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Shuningdek, u dunyoning eng nomdor MMA promousheni hisoblangan UFC tashkilotida ham 3 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, 2 ta bahsda zafar quchgan hamda 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. 

Ergashev-Matias jangi uchun auksion o‘tkaziladi

Avvalroq o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashevning IBF chempionlik kamari uchun jangi rasman belgilangani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, super yengil vazn toifasida IBF kamari sohibi puerto-rikolik Sabriyel Matias majburiy himoya jangini 2023 yil 25 avgustda yoki undan oldin, aynan O‘zbekiston vakiliga qarshi o‘tkazishi aytilgan. Bokschilar va ularning vakillari kelishuvga erisha olmagani sababli mazkur jangni tashkil etish uchun promouterlik savdosi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda IBF matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, endilikda joriy yilning 15 avgust kuni promouterlik savdosi tashkil etiladi. Unda g‘olib bo‘lgan kompaniya mazkur jangni tashkil etish huquqiga ega bo‘ladi.  Ushbu jangdan tushadigan mablag‘ning 70 foizi chempion Sabriyel Matiasga, 30 foizi esa da’vogar Shohjahon Ergashevga tegadigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Matias profboksda 20 ta jang o‘tkazib, 19 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Da’vogar Shohjahon Ergashev esa faoliyati davomida 23 ta jangda ishtirok etib, barchasida raqiblaridan ustun kelgan. U janglarining 20 tasida nokaut, 3 tasida hakamlar qarori bilan g‘alabaga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shohjahon Ergashevning Matiasga qarshi jangi shu yilning 28 oktyabr sanasida o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Mazkur jang O‘zbekiston mezbonligida o‘tishi taxmin qilinayotgandi. Bu haqda sportchi Instagram'dagi jonli efirida aytib o‘tgan. 

Marselo raqibiga “dahshatli” jarohat yetkazdi

Sobiq “Real Madrid” futbolchisi Marselo o‘yin vaqtida “Argentinos Xuniors” himoyachisi Lusiano Sanchesga jiddiy jarohat yetkazdi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 1 avgust kuni Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida Libertadores Kubogi doirasida tashkil etilgan “Fluminense” va “Argentinos Juniors” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bahsning 56-daqiqasida Braziliya klubi sharafini himoya qilayotgan Marselo argentinalik raqibi Luciano Sanchesning tizzasiga dahshatli jarohat yetkazdi. Braziliyalik futbolchi to‘p uchun kurashda beixtiyor Sanchesning oyog‘ini bosib yubordi va uning oyog‘i tizzasidan teskarisiga qaytib, sinib ketdi.

Shundan so‘ng, Marselo qarshiliksiz qizil kartochkani qabul qilib oldi va maydonni tark etdi. Mazkur bahs 1:1 ko‘rinishida durang bilan yakunlandi. O‘yindan keyin “Fluminense” chap qanot himoyachisi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bundan afsusda ekanini aytib post qoldirdi.

“Bugun maydonda juda qiyin holatni boshdan kechirdim, men beixtiyor hamkasbimni jarohatladim. Luciano Sanches senga tezroq sog‘ayib ketishingni va to‘liq tiklanib maydonga qaytishingni tilayman. Men qo‘limdan kelgan barcha yordamni berishga tayyorman”, deydi Marselo.

Shuningdek, “Argentinos Xuniors” klubi rahbariyati Marseloning gaplariga iliqlik bilan javob qaytardi. 

“Biz raqibmiz, lekin dushman emasmiz. Marselo va barcha “Fluminense” jamoasidagilarga g‘amxo‘rlik uchun rahmat”, deb yozib qoldirgan Argentina klubi rasmiylari. 

Endilikda Sanches zudlik bilan tizzasini operatsiya qildirishi kerak bo‘ladi va uning tiklanish davri 8 oydan 12 oygacha davom etishi mumkin.

Ma’lumot uchun, jamoalar kelasi seshanba kuni yana “Marakana” stadionida chorak finalga chiqish uchun o‘zaro bahs olib boradi.

Kosta-Rikada futbolchi timsohga yem bo‘ldi

Kosta-Rika daryosida cho‘milayotgan futbolchi timsohga yem bo‘ldi. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 29 iyul kuni “Deportivo Rio Kanyas” jamoasining 29 yoshli futbolchisi Xesus Alberto Lopes salqinlanish maqsadida Guanakaste viloyatidan oqib o‘tuvchi Kanyas daryosiga tushgan, shundan so‘ng u bahaybat timsoh hujumiga uchragan. Futbolchining hamrohlari hech qanday yordam ko‘rsata olmagan. Oqibatda Xesus Alberto voqea joyida vafot etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy politsiya yirtqichni otib o‘ldirgan va sportchining burdalab tashlangan jasadini suvdan chiqarib olgan.

"Timsohga yem bo‘lgan Xesusning 8 va 3 yoshli ikki nafar farzandi bor edi", deyiladi xabarda.

Uning oilasi jamoatchilikka dafn marosimini o‘tkazish xarajatlarini qoplashga yordam so‘rab murojaat qilgan. Xesus faoliyat yuritgan jamoa menejeri Luis Karlos Montes shu maqsadda maxsus xayriya tashkil qilgan. Shuningdek “Deportivo Rio Kanyas” klubi ham baxtsiz hodisa oqibatida boquvchisiz qolgan oilaga tovon puli to‘lab bergan.

Azizlar bu QALAMPIR.UZ’da sport yangiliklari edi. Kelayotgan hafta ham o‘zbek va jahon sportida qator voqealiklarga boy bo‘lishi aniq. Sportga oid eng so‘ngi yangiliklar, intervyular va dastularni QALAMPIR.UZ’da kzuatib boring. Salomat bo‘ling!


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing