Shaxmat toji uchun bahs sanasi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
30 aprel 7542 1 daqiqa
Amaldagi chempion Gukesh Dommaraju (Hindiston) va da’vogar Javohir Sindorov (O‘zbekiston) o‘rtasidagi shaxmat toji uchun bahs joriy yilning 23 noyabridan 17 dekabriga qadar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) xabar berdi.
Bo‘lajak qarama-qarshilik shaxmat tarixidagi jahon chempionligi uchun eng “yosh” bahsga aylanadi – o‘yin boshlanishi arafasida har ikki sportchi ham 20 yoshda bo‘ladi.
Uchrashuvning minimal mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Tadbirning umumiy byudjeti esa 8,5 million dollarga baholanmoqda.

Amaldagi jahon chempioni Dommaraju 2024 yil dekabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan bahsning 14-partiyasida xitoylik Ding Lijenni mag‘lub etib, unvonga ega chiqqan edi. 18 yoshida u Garri Kasparovning 1985 yilda 22 yoshida Anatoliy Karpovni mag‘lub etib o‘rnatgan rekordini yangiladi va FIDE tarixidagi eng yosh jahon chempioni bo‘ldi.
Uning raqibi, o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprning Pafos shahrida o‘tkazilgan 2026 yilgi da’vogarlar turnirida muddatidan avval g‘alabani ta’minladi. U turnirni birorta ham mag‘lubiyatsiz, 6 ta g‘alaba va 8 ta durang bilan, mumkin bo‘lgan 14 ochkodan 10 ochko to‘plagan holda yakunladi.
Bahs reglamenti 2026 yil 1 iyulgacha tasdiqlanishi lozim. Tadbirni o‘tkazish bo‘yicha arizalarni qabul qilish esa 31 may kuni yakunlanadi.
Live
Barchasi